Missiya tarkibiga Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻizistondan ekspertlar kiradi Ular Prezident sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonlarini kuzatib boradi.
Uchrashuvda tomonlar turkiy tilli davlatlar oʻrtasidagi ijtimoiy-siyosiy yoʻnalishlar, savdo-iqtisodiy, sayyohlik, ilmiy, madaniy va boshqa sohalardagi hamkorlik doirasidagi munosabatlar tobora rivojlanib borayotganini taʼkidladi.
Delegatsiya aʼzolari Oʻzbekistonning xalqaro standartlar joriy etilgan milliy saylov qonunchiligini takomillashtirish boʻyicha olib borilayotgan izchil islohotlarni yuqori baholadilar, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Redjep Sheker, Turkiy tilli mamlakatlar Parlament Assambleyasi delegatsiyasi aʼzosi, Turkiya Buyuk millat majlisi deputati:
— Har bir turk uchun Oʻzbekiston oʻz Vatanidek aziz. Shubhasiz, biz Oʻzbekistonda oʻtkazilayotgan saylovni kuzatishdan juda mamnunmiz. Missiyamiz doirasida okrug va uchastka saylov komissiyalariga tashrif buyuramiz, saylov jarayonini kuzatib boramiz, saylov qonunchiligining huquqiy ekspertizadan oʻtkazamiz, saylovning ochiqligi va oshkoraligi tamoyillariga qanday rioya etilayotganini kuzatamiz. Umid qilamizki, 24-oktyabrda boʻlib oʻtadigan ushbu muhim voqea mamlakat taraqqiyoti va xalq manfaatlariga xizmat qiladi.
Jamilya Nurmanbetova, Turkiy tilli mamlakatlar Parlament Assambleyasi delegatsiyasi aʼzosi, Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Majilisi deputati:
– Mamlakatingiz barcha sohalarda rivojlanyapti, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning demokratlashuvi davom etyapti. Saylovga tayyorgarlikning yuqori darajada tashkil etilganini qayd etmoqchiman. Besh partiyadan nomzodlar koʻrsatilgan. Har bir nomzodning dasturi mamlakatni jadal rivojlantirishga, xalq hayotini yaxshilashga qaratilgan.