Turkiy tilli xalqlar simpoziumi oʻtkazildi

    Xalqaro hamkorlik 19 May 2022 1276

    Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining bir guruh professor-oʻqituvchilari Turkiyada boʻlib oʻtgan II Turkiy dunyo kommunikatsiyasi va sanʼati boʻyicha xalqaro simpoziumida ishtirok etdi. 

    Simpozium tili yaqin boʻlgan turkiy xalqlardan vakil boʻlgan ishtirokchilarini, kommunikatsiya va sanʼat yoʻnalishida ijod qilayotgan, ilmiy izlanishlar olib borayotgan olimlar, jurnalistlar va boshqa yoʻnalishlardagi fan va sanʼat vakillarini ramziy maʼnoda birlashtirdi.

    Simpoziumning ochilish marosimida OʻzJOKU rektori Sherzodxon Qudratxoʻja onlayn tarzda kirish soʻzi bilan ochib berdi, mazkur simpozium jurnalistika, kommunikatsiya va sanʼat sohasidagi ilmiy masalalarni muhokama qilish, oʻzaro tajriba almashish, kelgusida qoʻshma ilmiy tadqiqot loyihalarini ishlab chiqish va amaliyotga tadbiq etish boʻyicha muhim va istiqbolli platforma vazifasini bajarishini taʼkidladi.

    Simpoziumda barcha turkiy tillar, lahjalar va shevalarning ishchi til etib belgilandi. Darhaqiqat, turkiy xalqlar bir-birini tarjimonsiz tushunadilar.

    - Yangilanib borayotgan bugungi Oʻzbekistonda fan sohasidagi xalqaro hamkorlikka alohida eʼtibor qaratilmoqda, - deydi OʻzJOKU katta oʻqituvchisi Sanobar Jumanova. - Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya universiteti turkiy tilli davlatlar jurnalistikasi va kommunikatsiyasi boʻyicha istiqbolli loyihalar ustida ish olib boryapti. Shu kabi saʼy harakatlar samarasi oʻlaroq, Nigde Omar Halisdemir universitetida boʻlib oʻtgan II Turkiy dunyo kommunikatsiyasi va sanʼati boʻyicha xalqaro simpoziumida faol ishtirok etdik. Oʻzaro fikr almashish davralarida qardosh barcha turkiy xalqlar, mamlakatlar vakillari Yangi Oʻzbekistondagi islohotlarni, dunyoga ochiq boʻlib borayotganini alohida taʼkidlashdi. Maʼruzalarni tinglab Oʻzbekiston allomalar yurti ekanligini his qildik. “Mediataʼlimning qadimgi turkiy xalqlardagi koʻrinishlari” mavzusidagi maʼruzamiz koʻpchilikda qiziqish uygʻotdi. Simpoziumning 3-kunida Kapadokiyaga sayohat uyushtirildi.