Turkiya bilan hamkorlik yanada mustahkamlanadi

    O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov kecha mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Turkiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Nuh Yilmazni qabul qildi.

    TIV ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar jadal rivojlanayotgan O‘zbekiston–Turkiya munosabatlarining dolzarb masalalari, qo‘shma dasturlarni amalga oshirishning borishi, siyosiy muloqotni faollashtirish istiqbollari, savdo va investitsiyaviy aloqalar, madaniy-gumanitar va turistik almashinuvlarni muhokama qildilar.

    Shuningdek, O‘zbekiston va Turkiya Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida tegishli vazirlik va idoralar ishtirokida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi bo‘lib o‘tdi.

    Siyosiy maslahatlashuvlarga ikki mamlakat tashqi ishlar vazir o‘rinbosarlari raislik qildilar.

    2024-yil iyun oyida Anqarada bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi Strategik sheriklik kengashining 3-yig‘ilishi doirasida erishilgan kelishuvlarni ro‘yobga chiqarishga alohida e’tibor qaratildi.

    Barcha sohalarda rivojlanayotgan aloqalarni hisobga olgan holda munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy bazasini yanada kengaytirish muhimligi qayd etildi.

    Ko‘p tomonlama tuzilmalar, birinchi navbatda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama etildi, deb xabar beradi «Dunyo» AA.