Mazkur delegatsiyani Izmir viloyati mudirlik boshligʻi Mustafa Oʻzel qabul qildi.

Taʼkidlash joizki, Izmir viloyati Turkiyaning toʻrtinchi eng yirik qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchisi boʻlib, 2,8 milliard dollar miqdoridagi eksport koʻrsatkichi bilan mamlakatda 2-oʻrinni egallaydi. 380 ming ga qishloq xoʻjaligi maydoniga ega ushbu hududda 20 ga yaqin uzum turlari yetishtiriladi.

Tomonlar uzumchilik va vinochilik sohalaridagi hamkorlik imkoniyatlarini, jumladan Turkiyaning sohadagi texnologiyalarini transfer qilish, hamkorlikda “In-vitro” usulida noyob, sovuq va shoʻrga chidamli navlarni koʻpaytirish hamda malakali mutaxassislarni tayyorlash masalalari muhokama etildi.

Mudirlik tomonidan Oʻzbekiston bilan hamkorlik kengaytirilishiga katta qiziqish bildirilib, Qishloq va oʻrmon xoʻjaligi vazirligining Izmir viloyati mudirligi boshligʻi Mustafa Oʻzel uzumchilik va uzumni qayta ishlash boʻyicha Oʻzbekiston va Turkiya hamkorligi katta salohiyatga ega ekanini qayd etdi va mazkur hamkorlik ikki qardosh mamlakatlarning rivojiga xizmat qiladi, deya taʼkidladi.

Uchrashuv soʻngida tomonlar oʻzaro aloqalarni yanada kengaytirishga, xususan yuqorida keltirilgan yoʻnalishlar doirasida loyihalarni yoʻlga qoʻyish maqsadida Turkiyaning qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va texnikalarini ishlab chiqaruvchilari, ilmiy-tadqiqot va laboratoriya muassasalari bilan muzokaralar tashkil etilishiga kelishib oldilar, deb xabar beradi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.