Muzokaralar chogʻida joriy hamkorlikning holati hamda yaqin kelajakda uni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi, shuningdek, qoʻshma loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirish doirasida mavjud masalalar koʻrib chiqildi.

Turkiya “Xalq banki”ning bosh direktori O.Arslan bilan suhbat chogʻida bank Oʻzbekiston bozorida faoliyatini tashkil etishi uchun shart-sharoitlar koʻrib chiqildi. Xususan, “Xalq banki”ning Oʻzbekiston tijorat banklari aksiyalarining davlat ulushini xususiylashtirishda ishtirok etishining istiqbollari, shuningdek, Oʻzbekistonda istiqbolli investitsiya loyihalarini birgalikda moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston banklariga kredit liniyalarini ochish masalalari muhokama qilindi.

“Aksa Enerdji” kompaniyasining bosh direktori J.Kazanji bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda Toshkent viloyatida umumiy qiymati 60 million dollarni tashkil etadigan 240 MVt quvvatli issiqlik elektr stansiyasini qurish loyihasi va uni amalga oshirishni jadallashtirish chora-tadbirlari bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, elektroenergetika sohasida ishlab chiqarishga hamda mehmonxona biznesidagi loyihalarni amalga oshirishga kompaniyani jalb qilish orqali investitsiya hamkorligini kengaytirish istiqbollari koʻrib chiqildi.

“Djengiz Xolding” kompaniyasi direktorlar Kengashi raisi M.Djengiz bilan boʻlib oʻtgan ochiq muloqot qurilish, energetika, foydali qazilmalarni qazib olish sohalari, aviatsiya va turizm tarmoqlari, shuningdek, sugʻurta faoliyati sohasida investitsiya hamkorligining istiqbollarini har tomonlama koʻrib chiqishga imkon berdi.

“Dal Teknik Makina” kompaniyasining Kuzatuv Kengashi raisi D.Dal bilan suhbat chogʻida turkiyalik investorning Oʻzbekistondagi yuqori texnologik loyihalarni amalga oshirishdagi muvaffaqiyatli tajribasi taʼkidlandi.

Maʼlumot uchun: hozirgi kunga qadar “Dal Teknik Makina” kompaniyasi Angren EIZ hududida qiymati 17 million dollarlik metallni qayta ishlash loyihasini, shuningdek, Jizzax viloyatida 10 million dollarlik sement ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirgan.

Uchrashuv davomida ushbu korxonalarning joriy operatsion faoliyati bilan bogʻliq masalalar birgalikda oʻrganildi va ularni qisqa muddatlarda hal qilish choralarini ishlab chiqish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

“Agarta tekstil” toʻqimachilik kompaniyasi asoschisi N.Yildiz bilan muzokaralar davomida Oʻzbekistonda qoʻshma korxonalar tashkil etish orqali investitsiya sohasidagi hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkoniyatlari muhokama qilindi, bu esa jahon bozorlarida barqaror talabga ega boʻlgan taniqli brendlar ostida yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish imkonini beradi.

Maʼlumot uchun: “Agarta tekstil” kompaniyasi 1970-yilda tashkil etilgan. 1976-yildan boshlab kompaniya “Xira tekstil” nomi bilan faoliyat yuritib, Enrico Marinelli, Lacoste, Nautica, Marco Moralli kabi dunyodagi eng yirik brend kompaniyalari bilan hamkorlik qilib kelmoqda.

Turkiyaning 48 ta viloyatidagi 120 ta franchayzing qahvaxonasini oʻz ichiga olgan “Kahve diyari” kompaniyasi asoschisi E.Uzegen bilan uchrashuv ham samarali boʻldi. Turkiya tomoni Oʻzbekistonda qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etishga tayyorligini bildirdi va shu munosabat bilan boʻlajak oʻzbekistonlik sheriklar bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Turkiyalik ishbilarmonlar bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvlar yakunida barqaror va oʻzaro manfaatli hamkorlikni taʼminlash hamda Oʻzbekiston bozorida turk kapitalining mavqeini mustahkamlashga yoʻnaltirilgan kelgusidagi amaliy choralar belgilab olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.