Suhbat chogʻida soʻnggi yillarda ikki mamlakat oʻrtasidagi qardoshlik rishtalari mustahkamlanib borayotgani taʼkidlandi. Oʻzbekiston va Turkiya ishonchli strategik hamkorlar hisoblanadi, parlamentlararo hamkorlik izchil rivojlanyapti.
Ikki mamlakat parlament aʼzolari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish maqsadida delegatsiyalar almashinuvi tizimli asosda amalga oshirilyapti. Parlament aʼzolari qonun ijodkorligi boʻyicha oʻz tajribalarini oʻrganib, oʻrtoqlashyapti.
Joriy yilda Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi nishonlanishi alohida taʼkidlandi.
Uchrashuvda madaniyat, ilm-fan, sport sohalaridagi, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Taʼlim, sanʼat, adabiyot sohalarini rivojlantirish, ikki mamlakat parlamentlari qoʻmitalari va yosh deputatlar oʻrtasidagi hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, yoshlarga oid loyihalarni amalga oshirish yuzasidan hamkorlikda fikr almashildi.
Joriy yilning fevral oyida Turkiyada boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi Oqsoqollar kengashining yakunlari ham muhokama qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.