Tadbirda konsulxona diplomatlaridan tashqari Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) – Feruza Eshmatova, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi vakillari, Turkiyadagi oʻzbek diasporal tashkilotlar, xususan, “Oʻzbek xotin-qizlarining haq-huquqlarini himoya qilish”, “Oʻzbekiston madaniyati va birdamlik”, “Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi” jamiyatlari vakillari hamda oʻzbekistonlik tadbirkorlar faol ishtirok etdilar.
Qabul davomida 150 nafardan ortiq vatandoshlarimiz murojaat qilishdi. Bundan tashqari, onlayn efir davomida – 39 ta, vakolatxonaga kelgan vatandoshlarimiz tomonidan 90 dan ortiq konsullik-huquqiy xarakterdagi va migratsiya masalalariga oid murojaat, muammo va takliflar qabul qilingani holda ularning yechimi boʻyicha manzilli koʻmak koʻrsatildi.
Shu bilan birga, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili Feruza Eshmatova Ombudsman instituti Oʻzbekistonda birinchilardan boʻlib tashkil etilib, 1995-yildan buyon fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, ularni tahlil qilish, oʻrganish va buning asosida mamlakat qonunchiligiga taklif va oʻzgartishlar berilayotganligi toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotlarni oʻrtoqlashdi.
“Ochiq eshiklar kuni” tadbirida Bosh konsul Amirsaid Aʼzamxoʻjayev Turkiyada oʻzbek fuqarolarining qonuniy roʻyxatdan oʻtish tartibi, bu borada kuzatilayotgan muammolar haqida toʻxtaldi. Shu bilan birga, soʻnggi paytlarda mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan mazkur davlatda noqonuniy boʻlib turgan xorijiy fuqarolarga nisbatan faol “tozalash” tadbirlari olib borilayotganligi, ushlangan migrantlarni deportatsiya markazlariga olib borib mamlakatdan chiqarib yuborish amaliyoti keng tus olganligi tufayli fuqarolarga oʻz hujjatlarini olib yurish va qonunchilikni buzmaslik borasidagi tavsiyalarni berdi.
Konsulxona xodimlari tomonidan vatandoshlarimizning pasport bilan bogʻliq muammolariga alohida eʼtibor qaratishdi. Xususan, xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish, hujjatlarni tasdiqlash, talab qilish, doimiy va vaqtinchalik konsullik roʻyxatiga qoʻyish, notarial va boshqa konsullik harakatlari boʻyicha savollarga batafsil javoblar berildi.
Talaba va oʻquvchilar bilan oʻtkazilgan muloqot nihoyasida yaqin kelajakda tashkil etiladigan tadbirlar yuzasidan kelishib olindi.
Kelib tushgan murojaat va takliflar oʻrganilib, Bosh konsulxona tomonidan “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlarini muntazam ravishda oʻtkazish rejalashtirilmoqda.