Turkiya investorlari Toshkent viloyatida 2 ta issiqlik elektr stansiyasi quryapti

    Energetika 1 Aprel 2021 379

    Turkiyaning «Aksa Enerji» kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkent viloyatida umumiy quvvati 470 mvt bo‘lgan 2 ta issiqlik elektr stansiyasi qurilyapti.

    Qurilish quvvati 240 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasi va quvvati 230 MVt bo‘lgan gaz-porshenli elektr stansiyasini qurish investitsiya loyihalari doirasida amalga oshirilyapti.

    Stansiya Toshkent viloyatining Qibray tumani (Toshkent IES g‘arb tomonida) hududidagi 7-gektar yer maydonida barpo etiladi.

    Umumiy qiymati 300 million dollarlik loyiha «Aksa Enerji» kompaniyasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga to‘liq moliyalashtiriladi. Stansiyalar joriy yilning to‘rtinchi choragida ishga tushirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, yiliga 3,9 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Ushbu loyihani amalga oshirish hisobiga yiliga 550 million metr kub tabiiy gaz tejaladi.

    Loyiha doirasida «Aksa Enerji» kompaniyasi va Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi o‘rtasida Investitsiya kelishuvi, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ bilan Elektr energiyasini sotib olish kelishuvlari imzolangan.

    Mazkur loyiha Prezidentimizning 2020-yilning 13-avgustda «Toshkent viloyatida quvvati 240 MVt bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4807-son va joriy yilning 4-martdagi «Toshkent viloyatida quvvati 240 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasi va quvvati 230 MVt bo‘lgan gaz-porshenli elektr stansiyasini qurish» hamda «Buxoro viloyatida quvvati 270 MVt bo‘lgan gaz-porshenli elektr stansiyasini qurish» investitsiya loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-5018-sonli qarorlari doirasida amalga oshirilyapti.

    Ayni paytda quvvati 240 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasida va 230 MVt bo‘lgan gaz-porshenli elektr stansiyasida qurilish ishlari boshlab yuborilgan. Shuningdek, Buxoro viloyatida umumiy quvvati 270 MVt bo‘lgan gaz-porshenli elektr stansiyasida qurilish ishlarini boshlash uchun yer maydonida o‘rganish ishlari olib borilyapti, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

    Ahamiyatlisi, qurilish davomida 900 nafar ishchi-xodimlar faoliyat yuritadi. Stansiyalar ishga tushgach 220 nafar yangi ish o‘rni yaratiladi.