NKY Architects and Engineers kompaniyasi arxitektura va dizayn sohasida etakchi kompaniyalardan biridir. Kompaniya Turkiyada va xorijiy mamlakatlarda gospitallar, universitet kampuslari, aeroportlar va boshqa obektlarning dizaynini yaratishda ishtirok etgan.
AKFA Universitetining konseptual dizaynini yaratishda NKY Architects and Engineers mutaxassislari ta'lim muassasalarining binolarini yaratishdagi tajribasi, arxitektura va dizayn sohasidagi oxirgi trendlardan foydalandi.
Konseptual dizayn yaratish davrida talabalar, professorlar, universitet xodimlari va mehmonlariga qulayliklar yaratishga alohida e'tibor qaratildi. Arxitektorlar universitet kampusining xavfsizligini ta'minlash masalalariga ham urg'u berishdi.
Universitet kampusi Toshkent shahrida joylashadi. Kampus qurilishi uchun 20 gektar er uchastkasi xarid qilindi.
Kampus hududi bir necha kichik hududlarga bo'linadi: ta'lim binolari, turar joylar, ma'muriyat, madaniyat, sport va klinika hududlari shular jumlasidandir. Barcha zonalar halqa yo'li va xiyobonlar bilan bog'lanadi. Bu esa universitet talabalari va xodimlarining kerakli binoga bir necha daqiqada etib olishlariga imkoniyat yaratadi.
AKFA Universitetining kampusi 10 ming nafar talabaga mo'ljallangan. Kampus hududida kutubxona, kafeteriy, yotoqxona, sport inshootlari, laboratoriyalar, klinika va boshqa ob'ektlar joylashadi. Yotoqxona 3 ming kishiga xizmat koʻrsatadi.
AKFA Universiteti bo'lajak shifokorlarni tayyorlaydi. Ularning bilim va ko'nikmalar olishlari hamda amaliyot o'tashlari uchun infratuzilma kerak. Kampusda talabalar nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlashlari uchun trenajyorlar xonasi tashkil etiladi.
Oliy ta'lim muassasasi ma'muriyati 600 o'ringa mo'ljallangan klinika yaratishni rejalashtirgan. Mazkur klinikada talabalar malakali shifokorlar bilan hamkorlikda kasallarni qabul qiladi va ularga tibbiy yordam ko'rsatadi.
— Universitetning muvaffaqiyatli faoliyat yuritishi uchun kerakli moddiy-texnik baza yaratish kerak. Biz o'zimizning kampusni yaratish uchun ilk qadamimizni qo'ydik. Kampus ochilganidan keyin yoshlarga ta'lim olishlari uchun kerakli sharoit yaratish maqsadida yangi fakul`tetlar tashkil etishni rejalashtirganmiz, — dedi AKFA Universiteti rektori Behzod Jalilov.
Shuni ta'kidlash lozimki, AKFA Universiteti kampusini qurish bo'yicha loyihani bir necha bosqichda amalga oshirish rejalashtirilgan. Loyihaning birinchi bosqichi 2021-yilda yakunlanishi kutilmoqda.









