Turkiya Respublikasi elchixonasi vakillari IIV Akademiyasi faoliyati bilan tanishdi

    Xalqaro hamkorlik 2 Fevral 2024 2680

    IIV Akademiyasiga Turkiya Respublikasi elchixonasining ichki ishlar masalalari boʻyicha maslahatchilari Semih Okyar va Murat Karausta tashrif buyurdi.

    Mehmonlarning akademiya faoliyati bilan tanishuvi axborot-resurs markazidan boshlandi. Maʼrifat maskanining oʻziga xos qiyofasi, innovatsion imkoniyatlari, manbalar fondi, ayniqsa buyuk sarkarda bobolarimiz sharafiga barpo etilgan majmualar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Semih Okyar jahon sivilizatsiya rivojiga ulkan hissa qoʻshgan ajdodlarimizning boy merosini oʻrganish va yosh avlodga yetkazish yoʻlidagi ezgu ishlarga yuqori baho berdi.

    Shundan soʻng turkiyalik mutaxassislar zamonaviy infratuzilma obyektlarini koʻzdan kechirdilar. Mehmonlarga bakalavriat va magistratura bosqichida yoʻlga qoʻyilgan ilgʻor yondashuvlar, oʻquv dargohining ilmiy salohiyati, xorijiy davlatlar tajribasini oʻrganish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli tadbirlar hamda istiqboldagi loyihalar haqida maʼlumot berildi.

    Tashrif davomida ikki tomonlama hamkorlikni faol rivojlantirishga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Samimiy ruhda oʻtgan uchrashuvda asosiy eʼtibor taʼlim sohasidagi hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitish, manfaatli yoʻnalishlarda tajriba almashinuvini kengaytirish, ikki mamlakat yoshlari uchun istiqbolli dasturlarni tatbiq etish, hamkorlik bitimlarida nazarda tutilgan tadbirlarni izchillik bilan amalga oshirish masalalariga qaratildi, deb xabar beradi Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati IIV Akademiyasi maʼlumotiga tayanib.