Toshkentdagi Turkiya Iqtisodiyot va Texnologiya Universiteti filiali (TOBB ETÜ)ning fan, ta'lim va ishlab chiqarishning mustahkam integratsiyasiga bag'ishlangan davra suhbati o'tkazildi.
Tadbir boshida O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi, Toshkent shahrida Turkiyaning Iqtisodiyot va texnologiyalar universiteti filiali rektori A.Ikramov O'zbekiston yoshlariga ilg'or ta'lim texnologiyalari asosida xalqaro mehnat bozori talablariga javob beradigan, zamonaviy bilimlarga ega yuqori malakali mutaxassis bo'lib yetishish imkoni yaratilayotgani haqida ta'kidladi. TOBB ETÜ Tashkent Universiteti talabalari tomonidan mavzuga doir bir qator namoyishlar taqdim etildi.
Tadbir davomida Turkiyaning Iqtisodiyot va Texnologiyalar Universiteti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o'rtasida kadrlarni tayyorlash, oliy ta'lim sohasida hamkorlikni rivojlantirish hamda Toshkent shahrida Turkiya Iqtisodiyot va Texnologiya Universiteti filialida dual ta'lim elektron va masofaviy ta'lim texnologiyalarini qo'llagan holda ingliz tilida amalga oshirilishi bo'yicha davra suhbati olib borildi. Abiturient va talabalar o'zlarini qiziqtirgan savollariga mutasaddi rahbarlardan javoblar oldi.
Ma'lumot uchun, Turkiya Iqtisodiyot va Texnologiya Universiteti 2002-yilda Turkiya savdo palatalari va birjalari uyushmasi tomonidan tashkil etilgan. Universitet faoliyatining o'ziga xosligi o'quv rejalarining DUAL ta'limga asoslangan uch semesrtlik o'quv jarayoni hisoblanib, ta'lim oluvchilarda nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy ko'nikmalar shakllanishi muvozanatlashtirilgan. Universitetning ushbu xususiyati uning Turkiya ta'lim tizimida aloxida o'rin tutishini ta'minlagan.
“Yosh universitetlar: mingyillik universitetlari” reytingida universitet 32-o'rinni egallagan.