Turkiya va BAA kompaniyalari Namanganda avtomobil zavodlari quradi

    Sanoat 20 Yanvar 2021 909

    Namangan viloyatining Toʻraqoʻrgʻon tumanida Turkiya kompaniyasi tomonidan kiritiladigan investitsiya evaziga avtomobil zavodi quriladi.

    Bu haqda Namangan viloyati hokimining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari boʻyicha oʻrinbosari Okibjon Inomov maʼlumot bergan.

    Toʻraqoʻrgʻondagi loyiha 2021-yilda yirik ishlab chiqarish obyektlari va quvvatlarini ishga tushirish boʻyicha respublika manzilli dasturiga kiritilgan boʻlib, umumiy qiymati 10 mln dollarga teng. Shundan 8 mln dollar Turkiyaning “Manas Savunma” kompaniyasi kiritadigan xorijiy investitsiyaga toʻgʻri keladi.

    2021-yil dekabr oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan zavod “Manas Avto Sanoat” qoʻshma korxonasi tomonidan “Namangan” EIZ hududida, 7 gektar maydonda barpo etiladi. Buning natijasida 220ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

    Ushbu zavodda yiliga 3000 dona kichik yuk avtomobili ishlab chiqariladi. Mahsulotlar ichki bozor bilan birga MDH davlatlari hamda Afgʻonistonga eksportga yoʻnaltiriladi.

    Manzilli dasturga Chust tumanida “Namangan Changan Motors” avtozavodi qurilishi ham kiritilgan.

    Yillik ishlab chiqarish quvvati 1,8 ming dona avtomobil boʻlgan ushbu loyihaga BAA kompaniyasi hamkorligida 5,8 million dollar investitsiya kiritilmoqda. Mazkur loyiha joriy yilning iyun oyida ishga tushiriladi va bu orqali 140ta ish oʻrni yaratiladi.