Turkiya va Bolgariyada halok boʻlgan 6 nafar oʻzbekistonlik jasadi vatanga olib kelindi

    Bolgariyadan choʻkib, halok boʻlgan oʻzbekistonliklar jasadi olib kelindi, xarajatlari davlat hisobidan qoplab berildi, deb xabar bermoqda Oʻzbekistonnin Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi.

    Bosh konsulxonaning maʼlum qilishicha, avgust oyida Bosh konsulxona tomonidan jazoni ijro etish muassasalari, deportatsiya markazlari, politsiya, sud idoralari va shifoxonalarga tashriflar amalga oshirildi.

    Turkiya va Bolgariyada qiyin vaziyatga tushgan vatandoshlarga konsullik-huquqiy yordam koʻrsatildi. Turkiyada vafot etgan 5 nafar fuqaro hamda Bolgariyaning Sozopol shahrida choʻkish oqibatida halok boʻlgan fuqarolarning jasadlarini olib kelish xarajatlari davlat hisobidan qoplab berildi.

    Shifoxonalarda davolanish jarayonida katta qarzga tushgan 12 nafar fuqaroga chegirmalar qilinib, ularning Vatanga qaytishiga amaliy yordam koʻrsatildi.

    Turkiyada hujjatsiz qolgan 27 nafar fuqaroga yordam berilib, zarur hujjatlar rasmiylashtirildi.

    Shuningdek, Oʻzbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi fuqarolarga quyidagilari eslatib oʻtgan:

    «Turkiyada hujjatlarni tekshirish kuchaytirilgan.

    Shuning uchun:

    • pasport va shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni yoningizda olib yuring;
    • mahalliy qonun-qoidalarga rioya qiling;
    • favqulodda vaziyatlarda Konsulxonaga murojaat qiling, — deyiladi xabarda».