Turkiya vitse-prezidenti “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universitetiga tashrif buyurdi

    29-iyun kuni Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti Fuat Oktay Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universitetiga tashrif buyurdi. Yuqori martabali mehmonga O'zbekiston Respublikasi Bosh vazir o’rinbosari – Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov hamda Bosh vazir o’rinbosari – Investitsiya va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov hamrohlik qildi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi Axborot xizmati xabar berdi.

    Fuat Oktayning yurtimizga tashrifidan maqsad - O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarini nafaqat ta’lim sohasida, balki turizm yo’nalishida ham rivojlantirish uchun “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti faoliyati bilan tanishish.
    “Universitet jamoasining aksariyati yosh va kuch-quvvatga to‘la insonlar, talabalar esa shijoatli ekanini ko‘rib turibman. Bular - O‘zbekiston turizmining kelajagi”, - dedi Turkiya vitse-prezidenti.

    “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti rektori Aziz Abduhakimov mehmonlarni universitet faoliyati bilan tanishtirdi.

    Samarqanddagi xalqaro turizm universitetida o’tgan tadbir ishtirokchilari Turkiyaning turizmni rivojlantirishdagi boy tajribasi O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini rivojlantirishda ijobiy rol o‘ynashini ta’kidlashdi. Shuningdek, ikki mamlakat o’rtasida madaniyat, ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport sohalarida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma tadbirlar o‘tkazish muhimligi qayd etildi.

    Uchrashuvda qator dolzarb masalalar muhokama qilindi - “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti qoshida “Turk mamlakatlari madaniyati va merosi maktabi” va “Tarixiy merosni restavratsiya qilish maktabi”ni tashkil etish, sohani rivojlantirishda ilmiy tadqiqotlarning o’rni: turkiy tilshunoslik, san’at, etno-madaniy tadbirlar, nomoddiy madaniy merosni qayta tiklash shular jumlasidandir.

    Shu bilan birga, O‘zbekiston va Turkiya mamlakatlari pedagog hamda talabalari o‘rtasida akademik almashinuv hamda “Madaniyat”, “Din”, “Turizm” yo‘nalishlari bo‘yicha ikki tomonlama diplom dasturlarini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.

    Ta’kidlash joizki, Turkiya vitse-prezidenti Fuat Oktayning O‘zbekistonga tashrifi doirasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo'yicha hukumatlararo komissiyaning VI yig‘ilishi hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rag‘batlantirish va sanoat koperatsiyasining yangi loyihalarini shakllantirishga qaratilgan biznes-forum bo‘lib o‘tdi.

    Tashrif yakuniga ko‘ra, Turkiya vitse-prezidenti F.Oktay “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universitetining tilaklar kitobida iliq so‘zlarni yozib qoldirdi va oliygoh talabalarini Turkiyaga taklif qildi.