Turkiyada avtohalokatga uchragan Oʻzbekiston fuqarosi davlat yordamida Vatanga olib kelindi

    Voqea-hodisalar 8 May 2021 1190

    Turkiyada toʻrt oyga yaqin vaqt davomida komada yotgan oʻttiz yoshli Oʻzbekiston fuqarosi Nozima Mirzayeva kecha onasi hamrohligida “Uzbekistan Airways” reysi bilan Oʻzbekistonga olib kelindi.

    2020-yil 15-avgust kuni Turkiyada sodir boʻlgan avtohalokatda jabrlanganlar orasida yurtdoshimiz ham boʻlgan. Avtohalokat natijasida u ogʻir tan jarohati bilan Pendik Marmara tibbiyot tadqiqot markaziga yotqizilgan. Olib borilgan tibbiy muolajalar va operatsiyalarga qaramay, Nozima Mirzayeva komaga tushib, noyabr oyida oʻziga kelgan. Shundan soʻng bemor Istanbulning Maltepe tumanidagi “Sureypasha” davlat shifoxonasiga koʻchirilgan. Ammo bemor toʻliq tuzalmagani uchun uni oʻrnidan qoʻzgʻatish imkonsiz boʻlgan.

    N.Mirzayeva ahvoli yaxshilangach, Oʻzbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi, mamlakatimiz Tashqi ishlar va Transport vazirliklari hamkorligida yurtdoshimizni uning yonida boʻlib turgan onasi bilan birgalikda Vatanga qaytarish ishlari tashkil qilindi. Jumladan, COVID-19 uchun testdan oʻtish va samolyot chiptalari bepul taqdim etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

    Nozima Mirzayevaning onasi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Oʻzbekiston hukumatiga koʻrsatilgan koʻmak uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. U davlatimizning mazkur yordami Oʻzbekiston xorijda oʻz fuqarolarining huquq va manfaatlari himoyasini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning yorqin tasdigʻi ekanini taʼkidladi.