Koronavirus pandemiyasi insoniyat hayotiga yangi oʻlchovlar kiritdi. Hatto xarid masalasida ham avvalgidan farqli yoʻnalishlar paydo boʻldi. 

Ayniqsa, bu davr insoniyat va internet oʻrtasidagi “muloqot”ning keskin oshishiga olib keldi. 

Yaqinda dunyoda internetdan foydalanish va odamlarning internet bilan “muloqoti” borasida “Raqamli 2021 hisoboti” taqdim etildi.

Xabardagi Turkiyaga bogʻliq raqamlar eʼtiborni tortdi, deya yozmoqda CNN ning turk xizmati.

Maʼlumotlarga koʻra, Turkiyada ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchilar soni 6 millionga oshgan va umumiy 60 millionni tashkil etmoqda.

Bu raqam Turkiya umumiy aholisining deyarli 70 foizini anglatadi. Maʼlumotlarga koʻra, bir kishi kuniga 7 soat 57 daqiqa vaqtini internetda oʻtkazadi.

Mazkur vaqtning 3 soat 13 daqiqasi onlayn televizor koʻrishga, 1 soat 33 daqiqasi yangiliklar bilan tanishga, 1 soat 35 daqiqasi musiqa tinglashga sarflanadi.

Bir kishining kun davomida ijtimoiy tarmoqlarda oʻtkazadigan oʻrtacha vaqti 2 soat 57 daqiqani tashkil etadi.

Bu koʻrsatkichning 94,5 foizi Youtube hissasiga toʻgʻri keladi.