Turkiyada boʻlib turgan yoki ushbu mamlakatga borishni rejalashtirayotgan Oʻzbekiston fuqarolari diqqatiga

    Dolzarb 18 Oktabr 2020 535

    Hurmatli yurtdoshlar, joriy yilning sentyabr oyida “Toshkent- Istanbul-Toshkent” yoʻnalishi boʻyicha muntazam reyslar tiklangandan soʻng, fuqarolarimizning turli xil maqsadlarda (biznes, davolanish, oʻqish, turizm va hokazo.) Turkiyaga kelishi sezilarli darajada oshdi.

    Oʻzbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi shuni maʼlum qiladiki, Turkiyadagi tegishli vazirlik va tashkilotlarning bayonlariga muvofiq COVID-19 sugʻurtasiga ega chet el fuqarolari kasallanib qolganda davlat tashkilotlarida bepul davolanishlari mumkin. Shuningdek, kasallikni yengil oʻtkazayotgan turistlarning 10-14 kunlik karantin muddatini mehmonxona maxsus xonasida oʻtkazishlari va buning uchun ketgan xarajatlar ham sugʻurta hisobidan qoplanishi belgilangan.

    Shu bilan birga, koronavirus tashuvchilari bilan bevosita muloqotda boʻlgan fuqarolarimizning ham mehmonxonalarda majburiy karantinda qolishlari majburiy boʻlgan holatlar kuzatilmoqda. Ammo bu vaziyatda fuqaro bevosita COVID-19 bilan kasallanmagani sababli sugʻurta polislari mehmonxonada qolish xarajatlarini qoplashni nazarda tutmagan.

    Shu munosabat bilan Turkiyaga turli maqsadlarda kelishni rejalashtirayotgan fuqarolarimizga quyidagilarni tavsiya qilamiz:

    - COVID-19 bilan ehtimoliy kasallanish xavfini inobatga olib, tibbiy sugʻurta polisini sotib olish;

    - sugʻurta shartnomasiga “PZR testining natijasi salbiy boʻlishiga qaramay, sugʻurtalanuvchi COVID-19 tashuvchisi bilan muloqotda boʻlganlik sababli majburiy karantinda qolishiga toʻgʻri kelsa, tegishli xarajatlarni qoplash” toʻgʻrisidagi bandni kiritish;

    - sugʻurta agentligidan koronavirus infeksiyasini yuqtirish holatida amalga oshiriladigan zarur harakatlar algoritmini bilib olish.

    Oʻz navbatida, COVID-19 bilan kasallanishning oldini olish maqsadida, shuningdek, huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan karantin choralari kuchaytirilgani munosabati bilan virusga qarshi gigiyenaga va ijtimoiy masofaga qatʼiy amal qilishingizni soʻrab qolamiz, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.