Maʼlum qilinishicha, marhumaning jasadi Oʻzbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi koʻmagida yurtimizga olib kelingan.

Qayd etilishicha, Dilafruz Chulliyeva 2026-yil 25-yanvar kuni Turkiyaning Balikesir hududidagi ish joyidan nomaʼlum tomonga chiqib ketgan va bedarak yoʻqolgan. Shu munosabat bilan uning oʻgʻli Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamentiga murojaat qilgan.

Murojaatdan soʻng Oʻzbekistonning Turkiyadagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan Turkiya Tashqi ishlar vazirligiga tegishli nota yuborilib, Turkiya Ichki ishlar vazirligi Xavfsizlik bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda qidiruv ishlari boshlangan.

Anqaradagi elchixona va Istanbuldagi Bosh konsulxona, shuningdek diaspora tashkilotlari, advokatlar hamda ijtimoiy tarmoq faollari ishtirokida qidiruv ishlari olib borilgan.

2026-yil 28-fevral kuni Balikesir tumanidagi oʻrmon hududidan shaxsi nomaʼlum jasad topilgan.

Jasad uzoq vaqt davomida qolib ketgani sababli uni tashqi koʻrinishi orqali aniqlash imkoni boʻlmagan. Shu bois topilgan jasad hamda marhumaning oʻgʻlidan olingan qon namunalari asosida DNK (DNA) tahlillari oʻtkazilib, jasad Dilafruz Chulliyevaga tegishli ekani tasdiqlangan.

Mazkur jinoyatni sodir etganlikda gumonlanib 4 nafar shaxs qoʻlga olingan. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.

Shuningdek, mutasaddilar marhuma haqida ijtimoiy tarmoqlarda tasdiqlanmagan va oʻrganilmagan maʼlumotlarni tarqatmaslikni soʻrab, uning yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirishgan.