Bo'lajak prezidentlik saylovlarida Turkiya yetakchisi Rejep Tayyip Erdog'anning asosiy raqibi sanalgan muxolifatdagi Istanbul shahri hokimi Ekrem Imamog'luning hibsga olinishiga qarshi 19-mart, chorshanba kuni Istanbul va Turkiyaning boshqa shaharlarida ommaviy namoyishlar bo'lib o'tdi.
Namoyishlar Istanbul viloyati gubernatorining keyingi to'rt kun davomida ko'cha namoyishlarini taqiqlash haqidagi buyrug'iga va shahar bo'ylab politsiya yig'ilganiga qaramay bo'lib o'tdi, deya xabar beradi BBC.
Politsiya shahar hokimligi binosini o'rab oldi, ayrim yo'llar va markaziy Taksim maydonini to'sib qo'ydi. Namoyishchilar shahar hokimligi, Imamog'lu saqlanayotgan politsiya bo'limi, Istanbul universiteti va boshqa joylar yaqinida yig'ilishdi.
“Bo'lib o'tgan voqea to'ntarishga urinish edi”, dedi Respublika xalq partiyasi rahbari Ozgyur Ozel hokimlik binosi oldida yig'ilganlar oldida qilgan chiqishida. “Ekrem Imamog'lu [prezidentlikka] nomzod bo'lish erkinligidan mahrum qilinmayapti, bu xalq uni saylash erkinligidan mahrum qilinmoqda”.
Voqea joyidan olingan kadrlarga ko'ra, politsiya Imamog'luning oliy ma'lumot diplomini bekor qilish haqidagi o'quv muassasasi qaroriga norozilik bildirgan talabalarni Istanbul universiteti hududidan tarqatish uchun maxsus vositalardan foydalangan.
Qaror siyosatchining hibsga olinishidan biroz avval qabul qilingan bo'lib, oliy ma'lumotning yo'qligi unga rasman prezidentlikka nomzod sifatida ishtirok etishga imkon bermaydi, deb xabar beradi vesti.kg.