Turkiyada jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan vatandosh xotin-qizlar holidan xabar olindi

    Oʻzbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan Istanbuldagi Marmara ayollar yopiq jazoni ijro etish muassasasidagi xotin-qizlar holidan xabar olindi.

    Muassasada saqlanayotgan Oʻzbekiston fuqarolarining har biri bilan yakka tartibda suhbat oʻtkazilib, Turkiya qonunchiligi doirasida ruxsat etilgan huquq va erkinliklari, shuningdek, majburiyatlari yuzasidan batafsil maʼlumot berildi.

    Bu yerdagi 8 nafar vatandoshlarimizdan 4 nafari turli xil yillarga hukm qilingan boʻlib, qolganlarining sud jarayonlari davom etayotgani tufayli tegishli konsullik-huquqiy yordam koʻrsatildi.

    Shuningdek, muassasa rahbariyati bilan kelgusida Bosh konsulxona tomonidan muntazam tashriflarni amalga oshirish, vatandoshlarimizga zarur konsullik-huquqiy yordamini koʻrsatish sohasida hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olindi.

    “Shu oʻrinda, Turkiyada vaqtinchalik boʻlib turgan vatandoshlarimizdan mahalliy qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etish, huquq va erkinliklari cheklangan har qanday holatda politsiyadan bu haqda Bosh konsulxonaga kechiktirmasdan rasmiy xabar berishni talab qilish zarurligini eslatib oʻtamiz”, deyiladi xabarda.