Chet elga vaqtinchalik yashashga yoki sayohat uchun chiqqandan keyin diqqatga sazovor joylarda suratga tushishni istamaydigan odam boʻlmasa kerak. Ammo bu bilan cheklanmaydigan qiziquvchan sayyohlar ham uchrab turadi.
Borgan mamlakati muhitining suratlarda yaxshiroq aks etishi uchun koʻp narsalarni obyektiv orqali muhrlashga harakat qilib, baʼzida jarima yoki jazoga tortilishi ham mumkin.
Har bir mamlakatning suratga olish-olmaslik borasida oʻz tartib qoidalari bor. Masalan, Turkiyada mahalliy aholini soʻramasdan suratga olish va uni tarqatish qatʼiyan man qilinadi. Ayniqsa, mahalliy ayollarni suratga olish mumkin emas. Bu shaxsiy hayotga tajovuz deb hisoblanadi. Ushbu qonunni buzganlik uchun ozodlikdan mahrum qilinish mumkin.
Afsuski, fuqarolarimiz orasida ham mazkur qonunni buzib Istanbulning Maltepe tumanidagi jazoni ijro etish muassasasida saqlanayotganlar ham yoʻq emas. Hozirda Bosh konsulxona fuqarolarimizni ozod etib ularni vatanga qaytarish uchun kerakli ishlarni olib bormoqda.