Muzokaralar jarayonida Turkiyada noqonuniy maqomda boʻlib turgan oʻzbekistonliklarni maʼmuriy jazosiz roʻyxatdan oʻtkazish, yashash va ishlash ruxsatnomalarini berish (legallashtirish) taklifi Turkiya rasmiylari tomonidan maʼqullandi.
Shuningdek, qariyalar va bolalarni parvarishlash, qishloq xoʻjaligi sohalarida noqonuniy faoliyat yuritayotgan Oʻzbekiston fuqarolariga huquqiy maqom berishga kelishildi.
Qolaversa, Turkiya deportatsiya markazlaridagi 50 nafar ayollarimizga vatanga qaytish uchun Migratsiya jamgʻarmasi hisobidan aviachiptalar xarid qilindi hamda 28 nafariga “vatanga qaytish guvohnomasi” rasmiylashtirilib, repatriatsiya jarayoni boshlandi.
Qayd etilishicha, Oʻzbekiston va Turkiya hukumatlari oʻrtasida “Ijtimoiy himoya toʻgʻrisida”gi yangi bitim ishlab chiqishga ham kelishilgan.