Bu haqda “Dunyo” AA deb xabar qilmoqda.

Maʼlum qilinishicha, Turkiyadagi vatandoshimiz mahalliy shifoxonalardan birida farzandini dunyoga keltirgan. Biroq ona koʻp oʻtmay kasallik tufayli vafot etgan. Shundan soʻng, chaqaloq bir necha yil davomida suriyalik va oʻzbekistonlik ayollar tomonidan parvarish qilingan.

Bir muddat vaqt oʻtgandan keyin ota-ona qarmogʻisiz qolgan bola xolasiga topshirilgan. Ammo bolaning tugʻilganlik boʻyicha hech qanday hujjati boʻlmagani sababli voyaga yetmagan fuqaro sifatida davlat tomonidan majburiy ravishda Istanbul shahrida joylashgan bolalar uyiga joylashtirilgan.

Opasining oʻgʻlini vasiy sifatida oʻz qarmogʻiga olish talabi voyaga yetmagan fuqaroga oid hujjatlarning yoʻqligi sababli bolalar uyi maʼmuriyati tomonidan rad etilgan.

Bosh konsulxona va Elchixona tomonidan tegishli davlat idoralari bilan olib borilgan qator muzokaralar davomida, advokatlar jalb qilingan holda Turkiya sudi tomonidan bolaning xolasi qarmogʻiga oʻtkazish boʻyicha qaror chiqarilishiga erishildi.

Muammoli vaziyatlar hal etilgandan soʻng yurtdoshlarimiz uchun “Vatanga qaytish guvohnomasi” Bosh konsulxona tomonidan rasmiylashtirib berildi va ular Oʻzbekistonga qaytarildi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi vakillari ota-ona qarmogʻisiz qolgan va xolasi qoʻliga oʻtgan bolaga yashashi, taʼlim-tarbiyasi hamda uning manfaatlari qonunchilik doirasida, oʻrnatilgan tartibda taʼminlanishini maʼlum qildi.