Bu haqda Bosh konsulxona matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bosh konsulxonaga 45 yoshli fuqaro I.G. murojaat qilib, oʻzi va voyaga yetmagan farzandi Istanbulda qiyin ahvolda qolgani sababli Oʻzbekistonga qaytishda yordam berishni soʻrab murojaat qilgan.
Maʼlumotlarga koʻra, shu yilning avgust oyida oʻzbekistonlik ayol 19 yoshli qizi A.B.ni madrasada diniy taʼlim olish uchun Istanbulga yuborgan. Oradan biroz vaqt oʻtgach esa ishlab pul topish va farzandiga gʻamxoʻrlik qilish maqsadida oʻzi ham 12 yoshli oʻgʻli bilan qizining oldiga Istanbulga borgan.
Biroq, Istanbulga kelgach, qizi madrasada oʻqimayotganligini, qolaversa, begona bir erkak bilan “sharʼiy” nikohdan oʻtish niyatida ekanligini bilgan.
Farzandiga nasihat bergan ona qizining qarshiligiga uchragan hamda oʻz farzandi tomonidan koʻchaga chiqarib yuborilgan. Shu tariqa ayol 12 yoshli oʻgʻli bilan koʻchada qolgan.
Qiyin sharoitda qolgan ona-bola Bosh konsulxona va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Istanbul shahridagi vakili, “Oʻzbek ayollari huquqlarini himoya qilish” jamiyati koʻmagida va Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Andijon viloyati vakilligi homiyligi yordamida Oʻzbekistonga qaytarildi.