Turkiyada tutqunlikda saqlangan ayol qutqarildi

    1982-yili Qarshi shahrida tugʻilgan X.D. Turkiyaning Ushoq shahrida 2020-yildan buyon Turkiya fuqarosi M.G. tomonidan tutqunlikda ushlab turilgani aniqlandi.

    Bu haqda Oʻzbekistonning Istanbul shahridagi bosh konsulxonasi xabar qildi.

    Maʼlum qilinishicha, Bosh konsulxonaga Tashqi ishlar vazirligi orqali Qarshi shahridan 21 yoshli fuqaro oʻz onasining Istanbulga 4-yil oldin ketgani, 3-yildan beri aloqaga chiqmayotganini aytib, onasini topish va vatanga qaytarishda yordam soʻragan.

    Olib borilgan tekshirishlar natijasida 1982-yil Qarshi shahrida tugʻilgan X.D. Turkiyaning Ushoq shahrida ekanligi, 2020-yildan buyon Turkiya fuqarosi M.G. tomonidan erkiga xilof ravishda tutqunlikda ushlab turilgani aniqlandi.

    Joriy yilning 27-avgust kuni Bosh konsulxona, Tashqi mehnat migratsiyasining Istanbul shahridagi vakili, “Oʻzbek ayollari huquqlarini himoya qilish” jamiyati va Turkiya Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda tezkor tadbir tashkil etildi.

    Natijada vatandoshimizning hayotiga va sogʻligiga ziyon yetkazilmagan holda qutqarilib Ushoq shahar ichki ishlar boshqarmasiga yetkazildi.

    Turkiya qonunchiligiga binoan shaxsni erkiga xilof ravishda tutqunlikda saqlagani uchun M.G.ga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

    Hozirda vatandoshimiz X.D.ni Oʻzbekistonga qaytarish boʻyicha tegishli ishlar davom ettirilmoqda.