Turkiyadagi qurigan ko'lda yuzlab flamingo halok bo'ldi.

    So'nggi bir hafta ichida Turkiyaning Ko'nyo viloyatidagi Tuz ko'li (tuzli ko'l) qurigan qismida yuzlab flamingo o'lik holda topildi. Bu esa hokimiyatni qurg'oqchilikning ekotizimga ta'siriga yana bir bor e'tibor qaratishga undadi.

    Tuz ko'li Turkiyada ikkinchi o'rinda turadigan va dunyodagi eng katta sho'r ko'llardan biri sanaladi. U ko'chib yuruvchi hayvonlarning sevimli yashash joylaridan biri bo'lib, qadimdan flamingolar uyi bo'lgan. Garchi ko'l sayoz va yil davomida unda yog'ingarchilik juda kam miqdorda bo'lsa-da, ko'lning sho'rligi ko'chib yuruvchi qushlarning uyalashiga yordam beradi. Biroq, ob-havoning o'zgarishi natijasida kelib chiqqan qurg'oqchilik ko'lda suv sathining pasayishiga olib keldi va flamingolar uchun oziq-ovqat topish qiyinlashdi.

    Ayni paytda Ko'nyoning Jihanbeyli hududida joylashgan ko'lning ba'zi joylarida qushlarning jasadlari sochilib yotibdi. Qushlar mart oyida ko'lga uchib kelishgan. Yozda ushbu hududga tez-tez kelib turadigan tabiatshunos fotograf Mehmet emin O'zturkning aytishicha, Tuz ko'li “flamingolar uchun jannat bo'lgan, ammo hozir u dahshatli tushga aylandi”.

    Ta'kidlanishicha, Tuz ko'lida har yili naslchilik davrida 5000 dan 10 000 gacha flamingolar tug'iladi. Hozirga qadar atigi 5 mingta qush dunyoga kelgan.