Unda O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi hamda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamkorligida «O‘zbekiston Milliy paviloni» tashkil etildi.

Pavilonda yurtimizning turizm salohiyatini yoritib boruvchi hamda halol mahsulotlar ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi korxonalardan iborat delegatsiya ishtirok etdi.

Ta’kidlash joizki, ko‘rgazma davomida Amerika, Germaniya, Saudiya Arabistoni, Iroq, BAA, Malayziya, Indoneziya, Turkmaniston, Tojikiston davlatlaridan kelgan mehmonlar «O‘zbekiston Milliy paviloni»ga tashrif buyurib, yurtimizda yetishtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlariga katta qiziqish bildirdi. Qolaversa, xalqaro oziq-ovqat savdosi platformalari, kompaniyalari hamkorlik uchun takliflar berdi.

Shu bilan birga, ko‘rgazma doirasida «Xalqaro oshpazlar musobaqasi» ham bo‘lib o‘tdi.

Musobaqada hamyurtlarimiz sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Xususan, Abu Hurayra To‘ychixo‘jaev «Zamonaviy oshxona – go‘shtli taom va baliqli taom» nominatsiyasi bo‘yicha 2 ta kumush medal, Elyorbek Mirboboev «Zamonaviy oshxona – go‘shtli taom» nominatsiyasi bo‘yicha 1 ta kumush medal, Shoxruzxon Ibragimov «Baliqli taomlar» nominatsiyasi bo‘yicha 1 ta bronza medalga sazovor bo‘ldi.

Ko‘rgazma davomida «O‘zbekiston Milliy taomlari» stendi shirinliklarimiz, mevalar bilan bezatilib, mehmonlarga osh va somsalar tarqatildi. Qayd etish joizki, mevalarimiz xorijliklar tomonidan alohida e’tirof etildi.

Bundan tashqari, ko‘rgazmani kelasi yillarda O‘zbekistonda o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar olib borildi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.