Turkiyaga borayotgan Oʻzbekiston fuqarolari ham ogohlantirildi

    Istanbul xalqaro aeroportida asosan 20-35 yoshdagi xorijliklarga nisbatan nazorat tadbirlari kuchaytirilganligi kuzatilmoqda.

    Bugungi kunda Turkiyaga kirish va chiqish chegara punktlarida ichki ishlari organlari xodimlari tomonidan mamlakatga kelayotgan xorijliklarga nisbatan qatʼiy tekshiruvlar amalga oshirilmoqda.

    Ushbu amaliyot doirasida Istanbul xalqaro aeroportida asosan 20-35 yoshdagi xorijliklarga nisbatan nazorat tadbirlari kuchaytirilganligi kuzatilmoqda.

    Oʻzining xatti-harakatlari bilan shubha uygʻotgan shaxslar bilan migratsiya xizmati xodimlari tomonidan suhbat oʻtkazilib, shaxsiy uyali telefonlari tekshirilishi holatlari ham uchramoqda.

    Terrorizm, odam savdosi va boshqa jinoyatlarga aloqadorlikda gumonlanganlar, taqiqlangan tovarlarni olib oʻtishga uringan shaxslar “Turkiyaga kirishi istalmagan yoʻlovchi” sifatida baholanib, Turkiya hududiga kiritilmasdan mamlakatiga qaytarib yuborilmoqda.

    Jumladan, joriy yilning yanvar-fevral oylari davomida Turkiyaga kiritilmagan 163 nafar Oʻzbekiston fuqarolaridan 54 nafari muqaddam Turkiyaga kelib, qonunbuzarlik sodir etib kirishiga taqiq qoʻyilganlarni tashkil etgan.

    Shu bilan birga, ayrim vatandoshlarimizdan Istanbul aeroportida politsiya xodimlarining qoʻpol muomalasi haqida shikoyatlar kelib tushgan.

    Bu borada fuqarolarimizning barcha shikoyat va eʼtirozlari diplomatik kanallar orqali turk tomoniga yetkazildi va hozirgi kunda mutasaddi tashkilotlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.

    Oʻz oʻrnida, fuqarolarimizdan mahalliy qonunlarni hurmat qilib ularga toʻliq rioya etishlarini soʻrab, oldin qonunbuzarlik sodir etib deportatsiya qilingan fuqarolardan esa Turkiyaga kirish taqiqi bor yoki yoʻqligini Toshkent va Samarqand shaharlaridagi Turkiya diplomatik vakolatxonalaridan oʻrgangan holda kelishlari tavsiya qilinadi.