Turkiyaning kino ishlab chiqaruvchi “Altınkesıt” masʼuliyati cheklangan jamiyati prodyuseri Mustafa Gyunesh, mazkur shirkatning bosh maslahatchisi Zebiniso Kamalova, “Colony Film” aksiyadorlik jamiyati ijrochi direktori Mustafa Pekchay Oʻzbekiston Kinematorafiya agentligi rahbar va mutasaddilari bilan uchrashib, ijodiy hamkorlik boʻyicha muzokara olib borishdi.

Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov mehmonlarga tashrif uchun minnatdorlik bildirib, oʻzbek va turk xalqlari oʻrtasidagi madaniy aloqalar uzoq oʻtmishga borib taqalashi, bugungi kunda ikki davlat rahbarlari tomonidan hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib borayotgani, bu munosabatlar kinematografiya sohasida ham davom etishi lozimligini taʼkidladi.

“Altınkesıt” kino ishlab chiqarish masʼuliyati cheklangan jamiyati prodyuseri Mustafa Gyunesh oʻz navbatida turkiyalik kinoijodkorlar hamkorlikka har doim tayyor ekanliklarini, xususan, oʻzbekistonlik hamkasblari bilan hamkorlikda buyuk sarkarda, sohibqiron Amir Temur hayoti va faoliyati haqda kinoloyihalar amalga oshirish niyatida ekanini bildirdi, deya xabar beradi Kinematografiya agentligi Axborot xizmati.

– Amir Temur nafaqat oʻzbek, balki butun turkiy xalqlarning faxru iftixoriga munosib davlat va siyosat arbobidir, - dedi Mustafo Gyunesh. – Har ikki xalqdan yetishib chiqqan ziyolilar, olim va yozuvchilar Amir Temur haqida asarlar bitishgan. Biroq, bu asarlar faqat kitoblarda qolib ketmasligi kerak. Shu bois, hamkorlikda buyuk sarkardaning hayotini haqqoniy yoritib bera oladigan teleserial va badiiy film yaratish har ikki tarafning zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi.

– Biz bu taklifdan benihoya mamnunmiz, - dedi agentlik rahbari Firdavs Abduxoliqov. – Amir Temur mavzusida film yaratish shaxsan muhtaram Prezidentimiz tomonidan oʻzbek kinoijodkorlari oldiga muhim vazifa qilib qoʻyilgan. Bu borada turkiyalik hamkasblarimiz bilan hamkorlikda ish olib borish foydadan xoli boʻlmaydi.

Muzokaralar davomida hamkorlikda film yoki serial suratga olinadigan boʻlsa, ssenariy oʻzbekistonlik mutaxassislar tomonidan turkiyalik hamkorlar ishtirokida yaratilishi, filmdagi asosiy voqealar mamlakatimiz hududida suratga olinishi taʼkidlab oʻtildi. Turkiyalik kinoijodkorlar bir necha kun davomida Toshkent, Samarqand, Buxoro va Shahrisabz shaharlarida boʻlib, bu yerda temuriylar davrida yaratilgan tarixiy obidalar, kinolokatsiyalar bilan tanishadilar, oʻzbekistonlik kinoijodkorlar bilan uchrashuvlar, muloqotlar oʻtkaziladi.