Tashrif davomida Mersin savdo-sanoat palatasi raisi Hakan Sefa Chaqir, erkin iqtisodiy zona boshqaruv kompaniyasi raisi Edvar Mum, sanoat zonasi raisi Sabri Tekli bilan hududlararo savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada jadallashtirish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi. Shu bilan birga, Mersin viloyatida faoliyat yurituvchi 40 ga yaqin tadbirkor diqqatiga O‘zbekistonning investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy salohiyati taqdim etildi.
Mersin shahrida O‘zbekiston savdo uyini va omborxona tashkil etishga hamda birgalikda yevropa, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasiga eksportni amalga oshirish bo‘yicha tashabbuslarni ishlab chiqishga, viloyat sanoatchilaridan iborat delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifini amalga oshirishga kelishib olindi.
Shuningdek, Adana shahriga ham samarali tashrif amalga oshirildi. Xususan, viloyat sanoat palatasi raisi, «Kıvanç Tekstil» kompaniyasi rahbari Zeki Kivanch, «Ertar Kimya» kompaniyasi (o‘simliklar himoyasi) bosh direktori Serdal Tarim hamda «Cansa Tarım» kompaniyasi (qishloq xo‘jaligi texnikasi) boshqaruv kengashi raisi Sherif Jan bilan sanoat sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama etildi, deb xabar beradi «Dunyo» AA.