Tashrif davomida Qishloq xoʻjaligi va atrof-muhit vaziri oʻrinbosari Shoxrat Annamiradov, Suv xoʻjaligi davlat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Dovlet Mammedov, shuningdek, Turkmaniston Respublikasi tizim tashkilotlari rahbarlari va vazirlikning tegishli boshqarmalari vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi.
Tashrifdan koʻzlangan maqsad ikki davlat oʻrtasida qishloq va suv xoʻjaligi sohalarida hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishdan iborat. Uchrashuvlar davomida paxtachilik, urugʻchilik, bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligi, ilm-fan va raqamlashtirish masalalari boʻyicha muhokamalar boʻlib oʻtdi. Hosildor, ertapishar va shoʻrlanishga chidamli mahalliy oʻrta va ingichka tolali navlarimizni sinash boʻyicha dastur ishlab chiqish, sabzavot va poliz urugʻliklarining oʻzaro almashuvini yoʻlga qoʻyish, yangi navlarni yaratish va ikki mamlakat tuproq-iqlim sharoitlarida sinovdan oʻtkazish, shuningdek, Bilim, innovatsiyalar va xizmatlar milliy markazi (AKIS)da turkman fermer va mutaxassislari malakasini oshirish borasidagi istiqbolli yoʻnalishlar belgilab olindi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston delegatsiyasi Axal viloyatidagi uzumchilik, bogʻdorchilik, issiqxona xoʻjaligi, meva-sabzavot va sut mahsulotlarini qayta ishlash, chorvachilik sohalarida faoliyat yurituvchi korxonalar bilan tanishdi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi turkmanistonlik hamkasblarini Qashqadaryo viloyatining Qamashi-Mirishkor kanalida joriy etilgan Avstraliyaning “Rubicon Water Pty. Ltd” kompaniyasining “Suv resurslarini boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” loyihasi bilan tanishtirdi. Mazkur tajribani Turkmanistonda qoʻllashga doir fikrlar almashildi.
Shuningdek, tashrif doirasida “Turkman otlari” davlat birlashmasi va Axaltekin yilqichiligi xalqaro assotsiatsiyasi bilan Oʻzbekistonda yilqichilikni rivojlantirish boʻyicha muzokaralar olib borildi.
Toshkent davlat agrar universiteti, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti hamda Turkmanistonning Axaltekin yilqichiligi xalqaro assotsiatsiyasi oʻrtasida yilqichilik hamda sof zotli sport otlarini sunʼiy urchitish yoʻli bilan koʻpaytirish va naslchilik ishlarini yoʻlga qoʻyishga yoʻnaltirilgan qoʻshma ilmiy loyihasini ishlab chiqish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.