“Turkmaniston axborot portali” tarqatgan xabarga koʻra, bunday tartib oʻquvchilarni sogʻlom turmush tarziga qiziqtirish uchun kiritilgan.
“Har shanba dars boshlanishidan avval barcha oʻquvchilar uchun birgalikdagi ertalabki badantarbiya mashqlari bajariladi, darsdan soʻng esa sportning har xil turlari boʻyicha toʻgaraklar yoki musobaqalar hamda faol oʻyinlar tashkillashtiriladi”, — deb xabar beradi veb-sayt.
Avval Turkmaniston OAV yangi oʻquv yilidan xalq taʼlimi vaziri tomonidan tasdiqlangan maktablarda yangi tartib joriy etilishi haqida xabar bergandi. Oʻquv yili, odatdagidek, 1-sentyabrdan boshlanadi.
Maktabga kirishda navbatchi pedagoglar oʻquvchilar va xodimlarning tana haroratini tekshiradi. Barcha oʻquvchilar va oʻqituvchilar tibbiy niqobda boʻlishlari shart.
Har bir sinfda oʻquvchilar soni 10-15 kishidan oshmasligi kerak. Shuning uchun oʻquvchilar soni koʻp boʻlgan sinflar ikkiga boʻlinadi. Birinchi sinflarda darslar 25 daqiqa davom etadi. 2-4-sinflarda — 30 daqiqa, 5-11-sinflarda esa 35 daqiqadan davom etadi. Dars soatlari oraligʻidagi tanaffus 10 daqiqadan, katta tanaffus esa 20 daqiqadan iborat.
Ob-havoga qarab, jismoniy tarbiya, mehnat, biologiya, tabiatshunoslik, ekologiya, tarix, rasm darslari ochiq havoda, muzeylarda, botanika bogʻida, sport maydonlarida oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.
Oʻquvchilar va xodimlar orasida ijtimoiy masofa saqlanishini taʼminlash maqsadida har bir oʻquv muassasasida maxsus ajratilgan xonalar boʻlishi kerak, deb xabar beradi “Dunyo” AA.