Turkmaniston Prezidenti davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonda boʻladi

    Hukumat 13 Iyul 2022 4309

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov 14-15-iyul kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda boʻladi.

    Oliy darajadagi muzokaralar kun tartibidan Oʻzbekiston bilan Turkmaniston oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari oʻrin olgan.

    Asosiy yoʻnalishlardagi amaliy aloqalarning, shu jumladan oʻzaro savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini yoʻlga qoʻyish, transport-tranzit salohiyatini samarali ishga solish, suv xoʻjaligi sohasida muhim loyihalarni amalga oshirish, hududlararo muloqotni faollashtirish hamda madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini davom ettirish istiqbollari diqqat markazida boʻladi.

    Davlat rahbarlari xalqaro ahamiyatga molik masalalar va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashishi kutilmoqda.

    Sammit yakunida Qoʻshma bayonot va qator ikki tomonlama hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.

    Oliy martabali mehmon Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisida uchrashuv oʻtkazishi va Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylari bilan tanishishi koʻzda tutilgan.

    Ushbu tashrifga tayyorgarlik doirasida 1-2-iyul kunlari Toshhovuz shahrida Suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha qoʻshma hukumatlararo komissiyaning tadbirlari muvaffaqiyatli oʻtdi.

    12-iyul kuni poytaxtimizda ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirish va strategik sheriklik salohiyatini roʻyobga chiqarish masalalariga bagʻishlangan Oʻzbekiston-Turkmaniston ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi.

    Tashrif arafasida Buxoro shahrida birinchi Hududlar forumi, Ishbilarmonlar kengashi yigʻilishi hamda Oʻzbekiston va Turkmanistonning yetakchi korxonalari koʻrgazmasi oʻtkazilmoqda.