Turkmaniston Prezidenti “Yangi Oʻzbekiston” bogʻidagi Mustaqillik monumenti poyiga gul qoʻydi

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov davlat tashrifi bilan mamlakatimizda boʻlib turibdi.

    Oliy martabali mehmon 17-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida “Yangi Oʻzbekiston” bogʻiga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gul qoʻydi.

    Majmua bilan qisqacha tanishuv asnosida Turmaniston yetakchisiga mazkur obida mazmuni va meʼmoriy yechimlari haqida maʼlumot berildi.

    “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi va Mustaqillik monumenti davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan istiqlolimizning oʻttiz yilligiga bagʻishlab bunyod etilgan. Uch ming yildan ziyod davr – ona Vatanimiz hududidagi milliy davlatchilik tarixi ildizlari shu qadar teran. Monumentga eʼtibor qaratgan kishi mana shu zalvorli oʻtmishning badiiy ifodasiga guvoh boʻladi.

    Oliy martabali mehmonlar, rasmiy xorijiy delegatsiyalarning mamlakatimizga tashrifi doirasida bu yerdagi monumentga gul qoʻyish anʼanaga aylangan.

    Majmuada aks ettirilgan allomalar, buyuk sarkarda va jahongirlar, jadid bobolarimizning siymolariga alohida eʼtibor qaratildi. Ona Vatanimiz, mard va jasur, tinchliksevar va mehnatkash, qahramon xalqimiz sharafiga bunyod etilgan Mustaqillik monumenti Turkmaniston Prezidenti va delegatsiya aʼzolarida katta taassurot qoldirdi.