Qoʻshni davlat delegatsiyasini Oʻzbekiston–Turkmaniston chegara maskani, Olot tumanidagi “Olot” chegara bojxona postida Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari O. Rustamov, Oʻzbekistonning Turkmanistondagi favqulodda va muxtor elchisi A.Kuchkarov, Buxoro viloyati hokimi B.Zaripov hamda boshqalar tantanali kutib oldilar.
Shu kunning oʻzida xorij delegatsiyasi Buxoro shahridagi sut va sut mahsulotlarini qayta ishlashga moʻljallangan masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “BUKHARA AGROKLASTER DZZ”,
koʻp tarmoqli davolash hamda diagnostika markaziga asos solingan zamonaviy tibbiyot muassasasi “Carmen plyus” MCHJ, toʻqimachilik mahsulotlarini qayta ishlash, jinsi mato va undan kiyim-kechak tikib tayyorlashga ixtisoslashgan “BUKHARA COTTON TEXTILE” MCHJ kabi yirik korxonalarda boʻlib, ular faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Jumladan, viloyat markazidagi Shayx ul olam koʻchasidagi 3 gektar yerda qad rostlagan sut va sut mahsulotlarini qayta ishlashga moʻljallangan “BUKHARA AGROKLASTER DZZ” MCHJ korxonasi shu yil mart oyida ishga tushirilgan boʻlib, birinchi bosqichda 25 nafar ishchi–mutaxassisni oʻz bagʻriga olgan. Yillik quvvati 30 ming tonna sutni qayta ishlashga moʻljallangan subyekt umumiy qiymati 4,4 million AQSH dollari boʻlib, shundan, tashabbuskor tadbirkor Temur Sharipovning oʻz mablagʻi 2,2 million AQSH dollarini, ATB “Agrobank” viloyat filiali kredit ulushi esa 2,2 million AQSH dollarini tashkil etadi. Korxona sexlarida yuqori sifatli ishlab chiqarish dastgohlari Italiya hamda Rossiya davlatlaridan olib kelib oʻrnatilgan.
Yoki koʻp tarmoqli davolash va diagnostika markazi–“Carmen plyus” MCHJ ni olsak, Buxoro shahri Namozgoh koʻchasida, 1 gektar yer maydonida qad rostlagan mazkur zamonaviy tibbiyot muassasasi 2020-yil dekabr oyida ishga tushirilgan boʻlib, loyiha qiymati 8,8 million AQSH dollarini tashkil etadi. Shundan 3 million AQSH dollari bevosita ATB “Milliy banki” viloyat filiali kredit liniyasidir. Eʼtiborlisi, ayni kunda 65 nafar malakali mutaxassis, tibbiyot xodimiga ega bu tibbiyot maskanida 20 ming bemorga tibbiy xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratilgan.
Turkmaniston Respublikasi delegatsiyasi mazkur korxonalar ish uslubi, xorijiy investorlarga yurtimizda yaratilgan shart-sharoit, qolaversa, mahsulot eksportiga oid oʻzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.
Umuman, 12-15-iyul kunlariga moʻljallangan rasmiy tashrif davomida Turkmaniston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisining oʻrinbosari B.Atdayev boshchiligidagi delegatsiyaning birinchi Oʻzbekiston–Turkmaniston hududlararo forumida ishtirok etishi, Oʻzbekiston Respyblikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov bilan uchrashuvi, ikki qoʻshni davlatlarda ishlab chiqarilgan mahsulotlar koʻrgazmasi va xalq amaliy sanʼati ekspozitsiyasi bilan tanishuvlari, Oʻzbekiston–Turkmaniston ishbilarmonlar kengashining Qoʻshma Yigʻilishida, shuningdek, Oʻzbekiston–Turkmaniston ishbilarmon doiralari vakillari oʻrtasida ikki tomonlama uchrashuvlarda qatnashishi koʻzda tutilgan.
Rasmiy uchrashuv va muloqotlar bilan birga, qator madaniy–maʼrifiy tadbirlar ham tashkil etiladi.
Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati