“Uchrashuv avvalida Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida hamkorlik aloqalari kuchayib borayotgani, Samarqandda boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar tashkiloti birinchi sammiti bu borada muhim voqea boʻlgani qayd etildi. Ushbu sammit doirasida Davlatimiz rahbari tomonidan Oʻzbekistonning turkiy madaniyat xalqaro tashkilotiga toʻlaqonli aʼzo boʻlgani mamnuniyat bilan eʼlon qilingani alohida taʼkidlandi”, — dedi Fargʻona viloyat hokimi oʻrinbosari Xurshid Ahmedov.
Shuningdek, uchrashuvda 2023-yil avgust oyida Fargʻona shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan Turkiy dunyo Etno-moda festivali hamda kelgusi yil iyul oyida Xalqaro turkiy madaniyat tashkilotiga aʼzo mamlakatlar sanʼatkorlari ishtirokida Fargʻonada tashkil etilishi koʻzda tutilayotgan TURKSOY opera kunlari bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi.
TURKSOY Bosh kotibi Sultanbay Rayevning taʼkidlashicha, Etno-moda festivali moda, musiqa, folklor hamda milliy anʼanalarni oʻzida jamlagan yirik madaniy tadbir boʻlibgina qolmay, Fargʻonada ushbu festival doirasida Xalqaro turkiy madaniyat tashkilotiga aʼzo mamlakatlar milliy liboslari koʻrgazmasi hamda ushbu mamlakatlarning eng sara dizaynerlari tomonidan aynan Margʻilon atlasidan tikilgan liboslar namoyishi kuni ham tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Quvonarlisi, ushbu gʻoya Margʻilon atlasi bilan turkiy liboslar uygʻunligini shakllantirib, oʻziga xos yangi moda yoʻnalishiga asos boʻladi.
Taʼkidlash kerakki, Sultanbay Rayev 2023-yil 1-yanvardan boshlab TURKSOYʼda Oʻzbekistonning doimiy vakili faoliyat boshlashini maʼlum qildi va bu oʻzaro hamkorlikni yanada jadal rivojlantirishga yordam berishini qayd etdi.
“Qoʻqon shahri qadimdan turkiy dunyoning maʼnaviyat oʻchoqlaridan biri boʻlgan, biz Qoʻqonning barcha ajoyib jihatlarini turkiy xalqlarga namoyish etish istagidamiz”, — dedi Rayev.
Oʻz navbatida, viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Fargʻonada Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti bilan hamkorlikda rejalashtirilayotgan tadbirlarni yuqori saviyada oʻtkazish uchun barcha sharoitlar yaratilishini bildirdi.
Uchrashuvdan soʻng TURKSOY bosh kotibi viloyat hokimi oʻrinbosari Xurshid Ahmedov hamrohligida Margʻilon shahri va Rishton tumanidagi Hunarmandlar markazlari hamda shu yili 20–22-oktabr kunlari Margʻilon shahrida boʻlib oʻtgan “Atlas bayrami” xalqaro va anʼanaviy toʻqimachilik festivali doirasida Margʻilon tarixi muzeyida tashkil etilgan “Buyuk ipak yoʻli vorislari” anʼanaviy toʻqimachilik koʻrgazmasiga tashrif buyurdi.