“Turk dunyosidan ilhomlar” gastrol safari davomida bir qator kelishuvlarga erishildi. Xalqaro Turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) va Fargʻona viloyati oʻrtasida Karaman shahrida turizm va madaniy aloqalarning huquqiy infratuzilmasini yoʻlga qoʻyadigan hamkorlik memorandumi imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

Marosimda nutq soʻzlagan TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev TURKSOY bosh kotibiyati va Fargʻona viloyati oʻrtasida imzolanadigan hujjat munosabatlar va hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan boʻlib, oʻta muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi. U, shuningdek, Fargʻona oʻzining madaniy qadriyatlari, qadimiy tamadduni, unumdor zamini va olimlari bilan mashhur boʻlganini, meʼmoriy obidalari va tabiiy boyliklari bilan ham muhim turizm markazi ekanligini taʼkidladi.

Shundan soʻng Sulton Rayev va Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Xurshidjon Ahmedov oʻrtasida memorandum imzolandi.

Mazkur memorandum quyidagilarni nazarda tutadi:

– turk dunyosi madaniyati va merosini asrab-avaylash hamda kelajak avlodlarga yetkazish maqsadida TURKSOY va Fargʻona viloyati hokimligi oʻrtasida hamkorlikda ilmiy-texnikaviy tadqiqotlar olib borish;

– seminar, konferensiya, simpozium, kongress, dala tadqiqotlari, koʻrgazma, tanlov, festival, konsert va boshqa turnirlar tashkil etish.

Imzolash marosimidan soʻng Sulton Rayev Xurshidjon Ahmedovni turk dunyosi madaniyati va sanʼatiga qoʻshgan ulkan xizmatlari uchun TURKSOY ning oliy mukofoti – “Shon-sharaf Oltin ordeni” bilan taqdirladi.

Shuningdek, xonanda, bastakor va shoir Otabek Mamazoitovga tashkilot tomonidan Oshiq Veysel tavalludining 125-yilligi munosabati bilan taʼsis etilgan «Oshiq Veysel» medali topshirildi.

Marosim yakunida “Turk dunyosidan ilhomlar” gastrol safarida qatnashgan Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston sanʼatkorlariga sovgʻalar va sertifikatlar berildi, deb xabar beradi Turizm v madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.

Maʼlumot uchun, TURKSOY xalqaro tashkiloti 1993-yilda tashkil topgan. Unga 6 ta davlat – Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston, Turkmaniston va Turkiya doimiy aʼzo hisoblanadi.

Tashkilotning asosiy maqsadi turkiy davlatlar va xalqlar oʻrtasidagi umummilliy doʻstlik va hamkorlikni kuchaytirish, iqtisodiy, moddiy-madaniy yodgorliklarni asrash, kelajak avlodga yetkazish, yanada rivojlantirishdan va keng targʻib qilishdan iborat.

Quvonarlisi, 2020-yilda Xiva TURKSOY ning madaniyat poytaxti etib tanlangan va 2022-yilgacha shu maqomni saqlab turgan.

TURKSOY tashkiloti Turkiy kengash, Xalqaro Turk akademiyasi, Turk madaniyati va merosi fondi, Xalqaro YUNESKO va ISESKO tashkilotlari, MDH ijtimoiy hamkorlik fondi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.