Turktav fondidan 20 mingdan ortiq elektron kitoblar qabul qilib olindi

    Islom sivilizatsiyasi markazi doimiy ravishda xorijiy turdosh ilmiy-taʼlim markazlari, tadqiqot institutlari bilan islom dini va madaniyatini tadqiq etish yoʻnalishida ikki tomonlama manfaatli hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishga alohida eʼtibor qaratib keladi.

    Shunday tadbirlarning mantiqiy davomi sifatida joriy yilning 15-noyabr kuni Markaz direktori Sh.Minovarov va TurkTAV fondi raisi Nizamettin Ayturk hamda Yevroosiyo kutubxonalar uyushmasi bosh kotibi Asuman Akdemir oʻrtasida uchrashuv tashkil etildi.

    Mehmonlar tomonidan Turkiy davlatlar tashkiloti Samarqand sammiti doirasida “Turkiston xaritalarda” mavzusida foto koʻrgazma tashkil etilib, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va sheriklikni mustahkamlashda alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda. TurkTAV fondi Turkiy davlatlarning boy madaniy va tarixiy merosini tadqiq qilish, kelajak avlodga bezavol holda yetkazish borasida qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Jumladan, joriy yilning iyun oyida Turkiyaning Istanbul va Anqara shaharlarida Markaz va Fond hamkorligida xalqaro foto koʻrgazma tashkil etildi.

    Uchrashuv yakunlariga koʻra TurkTAV fondi tomonidan Markazga 20 mingdan ortiq noyob kitoblarning elektron nusʼhalari taqdim etildi. Shu bilan birga “Turkiston xaritalarda” koʻrgazmasiga qoʻyilgan turk xalqlarining tarixi, ularning tarqalishi va migratsiya yoʻllari tasvirlangan xaritalar nusʼhalari, hamda Turk miniatyura durdonalari jamlanmasi taqdim etilishi kelishib olindi.

    Shuningdek, TurkTAV fondi raisi Nizamettin Ayturk joriy yilning 3-6-dekabr kunlari Istanbul shahrida tashkil qilinayotgan TUYAP Xalqaro kitob koʻrgazmasiga Islom sivilizatsiyasi markazini ishtirokchi sifatida taklif qildi.

    Suhbat davomida Yevroosiyo kutubxonalar uyushmasi tomonidan Markaz kutubxonasi xodimlari uchun onlayn shaklda tajriba almashish, zamonaviy kadrlarni tayyorlash, kutubxona faoliyatiga ilgʻor xorijiy tajribani tatbiq etish yoʻnalishida oʻquv kurslarini tashkil etishga kelishib olindi.