Tadbir Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy boʻlimi bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi ishtirokida tashkil etildi.

Anjumanda Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi kabi 20 dan ortiq vazirlik va idora vakillari ishtirok etadi.

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov hozirgi sharoitda byudjet siyosati inson huquqlarini amalga oshirishning asosiy vositalaridan biri boʻlib xizmat qilayotganini taʼkidladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari Gulnora Rahimova mamlakatimizda davlat moliyasini boshqarish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar byudjet xarajatlarining samaradorligi va manzilliligini oshirishga qaratilganini taʼkidladi.

Tadbirda BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Boshqarmasi mutaxassisi Igor Grishko ekspert sifatida ishtirok etar ekan, inson huquqlari nuqtayi nazaridan byudjet siyosatini tahlil qilishning zamonaviy metodologiyalarini taqdim etdi. Uning taʼkidlashicha, “inson huquqlariga asoslangan byudjet davlatlarga oʻz qarorlarining tengsizlik darajasiga va fuqarolarning asosiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga taʼsirini aniqroq baholash imkonini beradi, shuningdek, byudjet jarayonining shaffofligi va hisobdorligini oshiradi”.

Seminar dasturi iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar sohasidagi xalqaro standartlar, ularni monitoring qilish mexanizmlari, byudjet sikli va jamoatchilik ishtiroki, shuningdek, inson huquqlari nuqtayi nazaridan byudjet xarajatlari va daromadlarini tahlil qilishning amaliy vositalarini oʻz ichiga olgan keng koʻlamli masalalarni qamraydi.

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi

Milliy markazi matbuot xizmati.