Unda yigʻilganlarni uyushma raisi oʻrinbosari Nodir Jonuzoq, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi bosh muharriri Salim Ashur bayram bilan qutladi. Aʼzolarimiz safi yana bir karra kengayib, adabiy jarayonda turli tillardagi ijodiy yangiliklar, asarlar yana-da koʻpayishi xususida gapirdi. Shundan soʻng, bir guruh ijodkorlarga aʼzolik guvohnomalari topshirildi.
– Millatim qozoq boʻlsada, Oʻzbekistonda tugʻildim, shu yurtda voyaga yetdim, taʼlim oldim, – deydi Aysuluv Buksinbayeva. – Hozirda oʻquv markazi rahbari boʻlishimga qaramasdan, nasr yoʻnalishida ijod qilib kelyapman. Bugungacha “Baxtga intilish”, “Oqqushlar armoni”, “Koʻngildagi marjonlar”, “Dugonalar” kabi kitoblarim nashr etildi. Bayram oldidan uyushma aʼzoligiga qabul qilinganim meni behad quvontirdi. Bu mamlakatimizda turli millat ijodkorlariga qaratilayotgan eʼtiborning bir namunasidir, deb oʻylayman.
Maʼlumki, yurtimizda rus, qozoq, tojik, koreys kabi qator millatlar bir tanu bir jon boʻlib yashashmoqda. Ularga davlatimiz tomonidan, millati, dinidan qatʼiy nazar, koʻplab sharoitlar yaratilgan. Qonunchiligimizda yaqinda tasdiqlangan “Xalqlar doʻstligi kuni”ni nishonlash ham yana bir eʼtiborning koʻrinishi boʻlib, unda xalqimizga xos bagʻrikenglik va azaliy doʻstlik gʻoyalari ifoda topgan. Aytish joizki, bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ziyod millat va elatlar hamda 16 ta diniy konfessiya vakillari istiqomat qiladi. 141 ta milliy-madaniy markaz va 36 ta doʻstlik jamiyati faoliyat yuritmoqda. Bu esa Oʻzbekistonda qardosh elatlarimizning ham oʻz oʻrni borligini bildiradi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar ertangi bayramning ana shu jihatlari haqida soʻz yuritdi.
Uchrashuv soʻnggida uyushma aʼzoligiga qabul qilinganlar oʻzlarining koʻngil kechinmalarini, minnatdorligini izhor qildi. Ijod namunalaridan oʻqib berdi.
Zulayho Ahmadjonova,
jurnalist