1. "Hammaga" degan jumla xato.

2.  O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini manzilli qo'llab-quvvatlashga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi qarorini o'qing.

3. Hujjatlarni o'qishga erinasiz, shuning uchun sal qisqaroq shaklda davom etamiz. 

Davlat chindan ham aholining ko'p toifalariga moddiy yordam to'lovlari ajratdi. Moddiy yordam kimga beriladi? Ming marta yozilgan bo'lsa ham qaytarib-ko'chirib yozaman: 

-  yoshga doir, nogironlik pensiyasi va nafaqasini oluvchilarga, bolalikdan nogironlik nafaqasini hamda boquvchisini yo'qotganlik pensiyasini va nafaqasini oluvchi har bir oila a'zosiga hamda o'zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo'lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishlash nafaqasini oluvchilarga:

Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlarda – 300 ming so'mdan;
Toshkent shahrida – 400 ming so'mdan beriladi. 

Yana, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta'minlangan sifatida moddiy yordam oluvchi oilalarga hamda kam ta'minlangan sifatida bolalar nafaqasini oluvchi oilalarning har bir 18 yoshga to'lmagan bolasiga – 200 ming so'mdan beriladi. 

Endi savol. Siz pensionermisiz? Siz nogironlik pensiyasi yoki nafaqasini olasizmi? Oilangiz boquvchisini yo'qotganmi? Oilangizda nogiron farzand tarbiyalanadimi?  Kam ta'minlangan oila sifatida ro'yxatga kiritilib moddiy yordam olganmisiz? Kam ta'minlangan oila sifatida bolangizga nafaqa puli olasizmi? 

Agar bu savollarning hammasiga "yo'q" deb javob bergan bo'lsangiz, moddiy yordam oladigan toifaga kirmaysiz. Guruhlardagi audio, uzuq-yuluq axborotlarga ishonib, kassaga borib vaqtingizni yo'qotmang. 

Bitta oddiy xalqona mantiq bor, azizlar. Agar mabodo butun O'zbekistonning 16 yoshgacha bo'lgan bolalariga 200 ming so'mdan berilganida butun davlat va xususiy OAV bu haqda tinimsiz gapirayotgan, ertalabdan Xalq banki oldida jonli efirlar qilib, marafonlar tashkil etilayotgan bo'lardi.

Moliya Vazirligi matbuot xizmatining aytishicha, moddiy yordam to'lovlari 8 iyunga qadar yakunlanadi.

Rasmiy ma'lumotlarni Moliya vazirlig, Pensiya jamg'armasi kanallaridan yoki hech bo'lmaganda "Axborot"da kuzating.