Turonbank ishbilarmonlarga 100 milliondan 1,5 milliard soʻmgacha kredit bermoqda

    Xoʻsh, bu kimlarga va qanday ajratiladi?

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi xodimi Jasur Lapasov ayni shu mavzuda “Turonbank” ATB Kichik va oʻrta biznes departamenti direktori Akmal Muazzamov va bankning Chakana biznes departamenti direktori Eldor Vahobovlar bilan suhbatlashdi.

    – Assalomu alaykum, dastlabki savolim sizga, Akmal aka. Oʻtgan yili davlatimiz rahbari tadbirkorlar bilan oʻtkazgan ochiq muloqoti davomida ulkan va tarixiy qarorlar qabul qilib, biznes egalari uchun juda qulay imkoniyatlar yaratgandi. Yaʼni 1,5 milliard soʻmgacha kreditlar ajratilishi, 100 million soʻmgacha garovsiz taqdim etilishi, talabi pasaytirilgan revolver kreditlar, 500 milliondan 1 milliard soʻmgacha boʻlgan kreditlar, eksportyorlarga, 1,5 milliard soʻmgacha foizsiz boʻlib-boʻlib toʻlashga va hokazo. Bu boʻyicha “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki qanday yangi mahsulotlarni ishlab chiqdi? Aslida bu kreditlar kimlarga va qanday ajratiladi?

    – Assalomu alaykum. Bugungi kunda “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki Prezidentimizning “Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq yuridik shaxslarga “Mening biznesim” nomli kredit turini taklif etmoqda. Uning doirasida ishbilarmonlar 100 mln soʻmdan 1,5 mlrd soʻmgacha moliyaviy koʻmak olishlari mumkin. Xususan, kamida bir yil mobaynida faoliyat yuritib kelayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar, dehqon xoʻjaliklari, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar, hunarmandlar, kasanachilar, nodavlat taʼlim tashkilotlari, uch va undan ortiq kishini doimiy ish bilan taʼminlayotgan kichik tadbirkorlik subyektlari, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida oʻz biznes loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirib, ijobiy kredit tarixiga ega boʻlgan yuridik shaxslarga “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki 100 million soʻmgacha garovsiz kredit ajratmoqda. U 24 oygacha boʻlgan imtiyozli davr bilan 84 oygacha rasmiylashtiriladi.

    Shuningdek, kichik tadbirkorlik subyektlari “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki orqali 36 oygacha muddatga 150 million soʻmgacha garov talabi pasaytirilgan revolver kreditlarini olishlari mumkin. Agar ularning soʻnggi 12 oy mobaynidagi aylanma mablagʻlari miqdori 200 mln soʻmdan oshib, kamida toʻrt nafar fuqaroni doimiy ish bilan taʼminlagan boʻlishsa, bunda limit 500 million soʻmgacha koʻtariladi. Bundan ham qulayi, “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki oxirgi 12 oy davomida aylanma mablagʻlari miqdori 500 mln soʻmdan 10 mlrd soʻmgacha boʻlgan va kamida besh nafar kishini doimiy ish bilan taʼminlagan ishbilarmonlarga 24 oygacha boʻlgan muddatga imtiyozli davr berib, 84 oygacha 1 mlrd soʻm kredit ajratadi. Qolaversa, 1,5 milliard soʻmgacha boʻlgan krediti turi ham mavjud. Buning uchun ular 24 oydan ortiq vaqt mobaynida faoliyat koʻrsatayotgan boʻlishi, oxirgi 12 oyda aylanma mablagʻlari miqdori 1 mlrd dan 10 mlrd soʻmgacha yetishi va eng kamida oʻn nafar kishini doimiy ish bilan taʼminlagan boʻlishlari kerak.

    Ayting-chi, bu kreditlardan eksportyor korxonalar ham birdek foydalanishlari mumkinmi?

    Albatta, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qiluvchi eksportyorlar uchun “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki 36 oygacha muddatga revolver kreditlarini ham taqdim etmoqda. Bunda tadbirkorning oxirgi 12 oy davomidagi aylanma mablagʻlari miqdori 500 mln soʻmdan ziyod boʻlishi kerak. Shu bilan birga, kamida toʻrt nafar kishini doimiy ish bilan taʼminlash talab etiladi.

    Qayd etish lozim, bu barcha kreditlar sanoat, xizmat koʻrsatish, savdo va umumiy ovqatlanish, turizm, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, hunarmandchilik, kasanachilik, zargarlik, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash hamda qayta ishlash, ishlab chiqarish binolari qurish kabi yoʻnalishlarda oʻz tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilayotgan yoki kengaytirayotgan tadbirkorlarga taqdim etiladi. Joriy yilning birinchi choragi yakunlari boʻyicha “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki 150 nafardan ziyod mijozlarga qariyb 15 mlrd soʻmlik shu turdagi kreditlarni rasmiylashtirdi.

    Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki bugungi kunda oʻzining ishonchli va faol hamkorlari boʻlgan Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro qishloq xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi – “JICA” kabi xalqaro moliya institutlarining “Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish”, “Meva-sabzavotchilik tarmogʻida qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish”, “Chorvachilikni va turizmni qoʻllab-quvvatlash” kabi yoʻnalishlar boʻyicha xorijiy kredit liniyalarini oʻzlashtirib, tadbirkorlarga ajratib kelmoqda.

    – Joriy yil aprelida davlatimiz rahbari Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ishtirok etdi. Unda banklar va tadbirkorlar oʻrtasida yangi tizim ishga tushirilishi haqida soʻz bordi. Yaʼni endilikda qancha koʻp ish oʻrni yaratgan tadbirkorga belgilanadigan kredit foizlari shuncha pasaytiriladi. Ayting-chi, bu borada sizlarda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

    – Juda oʻrinli savol. “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki yangi faoliyat boshlayotgan, loyihasini kengaytirish harakatida yurgan, aylanma mablagʻlarni toʻldirish istagida boʻlgan hamda asosiy vosita sotib olishni reja qilayotgan ishbilarmonlar uchun “Samarali biznes” kredit mahsulotini ham taqdim etmoqda. Uning afzalligi – endi ishbilarmonlar tashkil etgan yangi ish oʻrinlari soniga qarab past foiz stavkalarida kredit olishlari mumkin boʻladi. Xususan, 20 tadan kam boʻlmagan yangi ish oʻrni yaratgan kichik va oʻrta biznes vakillari uchun kredit foizlarida quyidagicha imtiyoz beriladi: a) milliy valyuta – 2 foizgacha; xorijiy valyutada – 1 foizgacha.

    25 tadan kam boʻlmagan yangi ish oʻrni yaratgan yirik tadbirkorlar uchun kredit foizlarida quyidagicha imtiyoz beriladi: milliy valyuta – 4 foizgacha; xorijiy valyutada – 2 foizgacha.

    Mazkur “Samarali biznes” kreditning maksimal miqdori – milliy valyutada 10 mlrd soʻmgacha, xorijiy valyutada esa 1 mln AQSH dollarigacha. Muddati esa aylanma mablagʻlarni toʻldirishga – 18 oygacha, asosiy vosita sotib olishga – 36 oygacha. Shuningdek, moliya muassasasi mavjud bank tariflariga ham bir qator qulay chegirmalarni taqdim etmoqda. Yaʼni 25 tadan kam boʻlmagan yangi ish oʻrni yaratgan tadbirkorlarga 50 foizdan 100 foizgacha chegirma taqdim etiladi.

    Albatta, ayni vaqtda yuridik shaxslar qatori oʻz biznesini yoʻlga qoʻyish istagida boʻlgan jismoniy shaxslar uchun ham Prezidentimiz tomonidan keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Xoʻsh, “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki bu borada qanday yangiliklar qilmoqda? “Turonbank” ATB Chakana biznes departamenti direktori Eldor Vahobov bu boradagi savollarga javob berdi.

    – Turonbank» aksiyadorlik tijorat banki “2024-yilda yangi ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligiga koʻmaklashish dasturi toʻgʻrisida”gi Prezident qarori ijrosini taʼminlash maqsadida “Biznesga birinchi qadam” va “Biznesim – maqsadim” nomli kreditlarni ham fuqarolarga taqdim etmoqda. Unga koʻra, 18 yoshga toʻlgan va 60 yoshdan oshmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari ijtimoiy soliq, toʻlab oʻzini oʻzi band qilgani toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma orqali 12 oygacha boʻlgan muddatga hech qanday boshlangʻich toʻlov va rasmiy daromadsiz 5 mln soʻmgacha kredit olishlari mumkin. Mikroqarz olayotgan fuqaro kredit olish davrida joriy muddati oʻtgan qarzdorliklari, qarzdor tomonidan avval olgan va soʻndirilgan kreditlari boʻyicha muddati 60 kundan kechikkan holati boʻlmasligi lozim. Garov taʼminoti sifatida esa sugʻurta polisi va uchinchi shaxs kafilligi talab etiladi. Joriy yilning birinchi choragi yakunlari boʻyicha “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki 2615 nafar mijozga 13 mlrd 650 ming soʻmlik shu turdagi kreditni rasmiylashtirdi.

    Bundan tashqari, “Turonbank” oʻziga biriktirilgan mahalla fuqarolari yigʻinlarida istiqomat qilayotganlarga “Biznesim – maqsadim” nomli kreditni ishlab chiqdi. Bunda soliq organlari orqali oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar hech qanday boshlangʻich toʻlovsiz 17 mln soʻmgacha kredit olishlari mumkin boʻladi. Xususan, xizmat koʻrsatish sohasi va boshqa yoʻnalishlar uchun 36 oygacha muddatga 12 oylik imtiyozli davr bilan, baliqchilik, issiqxonachilik, bogʻdorchilik va chorvachilik bilan shugʻullanish uchun 84 oygacha 36 oylik imtiyozli davr bilan ajratiladi.

    Har qanday muvaffaqiyatli biznes loyihaning ortida mehnat va qoʻllab-quvvatlov yotadi. Bugun berilgan imkoniyatlar ertaga albatta oʻz natijasini koʻrsatadi. “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki esa bu borada barchaga birdek moliyaviy yordam qilishga doim tayyor. Oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻyish istagida boʻlgan, tomorqasidan daromad olishni maqsad qilgan yoki biznesini yanada rivojlantirishni reja qilgan barcha yurtdoshlarimizni “Turonbank” aksiyadorlik tijorat bankiga taklif etamiz. Bankning www.turonbank.uz rasmiy sayti yoki 1220 qisqa raqami orqali bank manzillari va boshqa qoʻshimcha maʼlumotlarni olishingiz mumkin. Suhbatning video formati – TuronBank Media YouTube kanalida.

    Biznesga birinchi qadamni “Turonbank” bilan tashlang!

    Reklama