Qayd etilishicha, 2021-yilning sentyabr-dekabr oylarida respublika boʻyicha tuxum narxi 19,6 foizga, ayrim hududlarda esa 20-22 foizgacha qimmatlashdi. Yilning qish mavsumida ushbu mahsulot narxiga qoʻshimcha bosim yuzaga kela boshlaydi.

Tuxum narxining oshishiga qish oylarida isitish xarajatlari oshishi va parrandachilik xoʻjaliklarida kasalliklarning avj olishi, tuxum berishga moslashgan tovuqlarning mavsumiy yangilanishi, ozuqa mahsulotlarining qimmatlashishi hamda kuz mavsumidan boshlab ushbu mahsulotga talabning ortib borishi (boshqa oylarga nisbatan 20-30 foizga oshadi) taʼsir koʻrsatdi.

Bundan tashqari parrandachilik xoʻjaliklarida ozuqa bazasining yetishmasligi bilan bogʻliq muammolar sababli koʻplab xoʻjaliklardagi parrandalar soni umumiy hisobda 1 milliondan ortiq miqdorga kamaygan.

Global pandemiyaning davom etayotganligini, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining aholining xarid qobiliyatiga taʼsirining yuqoriligi, shuningdek, ichki bozorda narxlar barqarorligini taʼminlashning muhimligini inobatga olgan holda tuxum eksportiga nisbatan kiritilgan cheklov vaqtinchalik chora boʻlib hisoblanadi.

Shu bilan birga, vazirlik iqtisodiyotda toʻliq bozor mexanizmlarini joriy qilish, tadbirkorlik subyektlari uchun cheklovlarni keskin kamaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarni toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi va bu vazirlik faoliyatining asosiy yoʻnalishi hisoblanadi.