Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi oʻsmirlar oʻrtasidagi Jahon chempionatlarida 4-bor ishtirok etmoqda. Jamoamiz 2011 (Meksika) va 2023-yilgi (Indoneziya) musobaqada chorak finalga qadar yetib borgan.
2013-yil Birlashgan Arab Amirliklarida oʻtgan mundialda esa 1/8 final bosqichida ishtirokini yakunlagan.
Islombek Ismoilov boshqaruvidagi jamoamiz 2025-yilgi FIFA U-17 Jahon chempionatining “J” guruhida Paragvay, Irlandiya va Panama oʻsmirlar terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi. Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi mazkur jamoalar haqida maʼlumot bilan oʻrtoqlashdi.
Paragvay
Yoʻllanma: U-17 Janubiy Amerika chempionati — 5-oʻrin
Mundialdagi ishtirok: 5
Eng yaxshi natija: Chorak final (1999, 2019)
Murabbiy: Mariano Uglessich
Eʼtiborga loyiq oʻyinchi: Alan Ledesma
Ledesma U-17 Jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritishda Paragvay jamoasining muhim oʻyinchisi boʻldi. Jamoa sardori sifatida u maydon markazida oʻyinni boshqaradi va kurashuvchanligi bilan ajralib turadi. U, shuningdek, U-17 Janubiy Amerika chempionatida Paragvay ikkita penalti seriyasida gʻalaba qozongan va ularda oʻz zarbasini aniq amalga oshirib, jamoasining gʻalabasiga hissa qoʻshdi.
Panama
Yoʻllanma: KONKAKAF U-17 saralash bosqichi — guruh gʻolibi
Mundialdagi ishtirok: 3
Eng yaxshi natija: 1/8 final (2011)
Murabbiy: Leonardo Pipino
Eʼtiborga loyiq oʻyinchi: Estevis Lopes
Chap qanot hujumchisi — Lopes murabbiy Leonardo Pipinoning tizimida muhim oʻrin tutadi. U KONKAKAF U-17 saralash bosqichida Panamaning uchta golida qatnashgan, ijodkorligi hamda aniq va kuchli zarbasi bilan oʻyinni oʻz foydasiga oʻzgartira oladi. Hozirda u Panamaning “Costa del Este” klubidan “River Pleyt” yoshlar jamoasiga ijarada oʻynamoqda.
Irlandiya
Yoʻllanma: UEFA U-17 Yevropa chempionati final bosqichi qatnashchisi
Mundialdagi ishtiroklar: 0
Eng yaxshi natija: Yoʻq
Murabbiy: Kolin OʻBrayn
Eʼtiborga loyiq oʻyinchi: Jeyden Umeh
Tezkor, ijodkor va gol urishga moyil hujumchi Umeh Portugaliyaning “Benfika” klubi safida toʻp tepadi. U 2024-yilda Portugaliyaga koʻchib oʻtgan va Irlandiya bosh murabbiyi Kolin OʻBraynning aytishicha, u “Benfika” akademiyasiga qoʻshilgach, oʻyini sezilarli darajada yaxshilangan. Umehning akasi Franko ham professional futbolchi boʻlib, hozir Irlandiya U-21 terma jamoasida oʻynaydi.
Eslatib oʻtamiz, 17 yoshgacha futbolchilar oʻrtasidagi FIFA Jahon chempionati joriy yilning 3–27-noyabr kunlari Qatar yashil maydonlarida boʻlib oʻtadi.
Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi turnir doirasidagi ilk uchrashuvni 5-noyabr kuni Paragvayga qarshi oʻtkazadi.








