“Promotions” kompaniyasi tomonidan tashkil etilayotgan mazkur professional boks kechasining markaziy jangi ikkinchi yarim yengil vaznda(59 kg) rossiyalik Mark Urvanov va venesuelalik Endjel Rodriges oʻrtasida kechadi. Bu ikkala bokschi WBA yoʻnalishi boʻyicha chempionlikka daʼvogarlar qatoridagi oʻrnini mustahkamlash uchun bahslashishadi.

Mamlakatimiz bokschilaridan Shukrulla Vohidov 61,2 kilogramm vazn toifasida ukrainalik iqtidorli bokschi Zoravor Petrosyanga qarshi ringga koʻtariladi. Aytish lozimki, qator promuoterlar tomonidan “kelajagi bor”lar safida eʼtirof etilgan ukrainalik bokschi faoliyati mobaynida 11 ta jang oʻtkazib, barchasida gʻalabaga erishgan.

Yana bir bokschimiz fargʻonalik Abbosxon Mirzaabdullayev rossiyalik Aleksandr Dorofeyev bilan 4 raundlik jang oʻtkazadi. Qoʻqon boks maktabi tarbiyalanuvchisi Abbosxon boksdagi faoliyati mobaynida yoshlar oʻrtasida Oʻzbekiston chempioni va ogʻir vaznda Osiyo chempionati gʻolibi boʻlgan. Uning raqibi Dorofeyev Rossiya chempionatining bronza medali sohibi. Professional boksda ikkita jang oʻtkazib, ikkalasida ham gʻalaba qozongan.

Yekaterinburg ringida oʻz omadini sinab koʻradigan yana bir bokschimiz namanganlik Otabek Miraxmedov ogʻir vaznda Georgiy Yunovidov bilan kuch sinashadi. 6 raundga moʻljallangan mazkur uchrashuvda Oʻzbekiston chempionatlari sovrindori boʻlgan hamyurtimizning imkoniyatlari qay darajada ekanligini vaqt koʻrsatadi. Uning raqibi xususida shuni aytish lozimki, Yunovidov oʻz vaqtida ogʻir vaznda Rossiya chempionligiga erishgan, qator xalqaro turnirlar gʻolibi, professional boksda bitta jang oʻtkazib, unda xamyurti German Skobenkoni ochkolar hisobida magʻlub etgan.

Oʻzbekiston professional

Boks federatsiyasi Matbuot xizmati