Uch nafar shaxs psixotrop va narkotik moddalar bilan qoʻlga olindi

    Voqea-hodisalar 21 Aprel 2025 449

    Jizzax viloyati huquq-tartibot idoralari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida vohaning turli hududlarida 3 nafar shaxs kuchli taʼsir qiluvichi psixotrop va narkotik moddalar bilan qoʻlga olindi.

    Oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida Jizzax shahrida yashovchi Primqul Erimqulov (ism-shariflar oʻzgartirilgan) 28 dona kuchli taʼsir qiluvchi psixotrop modda bilan Gʻallaorol tumanidagi “Sangzor-15” YPX maskanida ashyoviy dalil bilan qoʻlga olindi.

    Ikkinchi tezkor tadbir Sharof Rashidov tumanida amalga oshirilib, ushbu tadbir jarayonida shu tumanda istiqomat qiluvchi Begʻambek Olgʻirbekov boshqaruvidagi va unga tegishli boʻlgan “Lasetti” rusumli avtomashina toʻxtatilib, koʻzdan kechirilganida, 56 (ampula) dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasi borligi aniqlandi.

    Shuningdek, Baxmal tumanida oʻtkazilgan tadbirda esa, shu hududda yashovchi Ilkashboy Jelkashboyev 509 gramm narkotik moddani Toshkent viloyati Boʻka tumani hududidagi yashirin joydan olib, Jizzax viloyatiga keltirayotgan vaqtda qoʻlga olindi.

    Har uchala holatda kuchli taʼsir qiluvchi ushbu dori vositalari va giyohvandlik moddasi ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyilgan.

    Mazkur holatlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.