Uch oyda 5 ta yangi issiqlik elektr stansiya ishga tushirildi

    Energetika 22 Aprel 2022 3167

    Joriy yilning oʻtgan uch oyi davomida yurtimizning 3 ta viloyatida umumiy quvvati 1 154 MVt boʻlgan 5 ta yangi issiqlik elektr stansiyasi ishga tushirildi.

    Umumiy qiymati 705 million dollarga teng mazkur loyihalarning barchasi Turkiyaning “Aksa Enerji”, “Odaş Enerji CA” va “Cengiz Enerji” kompaniyalari tomonidan amalga oshirildi. Xususan:

    Birinchisi, Buxoro viloyatining Buxoro tumanida quvvati 270 MVt boʻlgan gaz-porshenli issiqlik elektr stansiyasi;

    Ikkinchisi, Toshkent viloyatining Qibray tumanida quvvati 240 MVt boʻlgan bugʻ-gaz qurilmasi;

    Uchinchisi, Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida quvvati 174 MVt boʻlgan yangi issiqlik elektr stansiyasi;

    Toʻrtinchisi, Toshkent viloyatining Qibray tumanida quvvati 230 MVt boʻlgan gaz-porshenli issiqlik elektr stansiyasi;

    Beshinchisi, Toshkent viloyatining Qibray tumanida quvvati 240 MVt boʻlgan zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi ishga tushirildi.

    Ushbu 5 ta elektr stansiya yiliga 9 milliard 400 million kilovatt-soat elektr energiya ishlab chiqaradi. Qurilmalarning energiya tejamkorligi hisobiga yiliga 1 milliard 275 million metr kub tabiiy gaz tejalishiga erishiladi. Tejalgan tabiiy gaz hisobiga qoʻshimcha 6 milliard 144 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoni yaratiladi.

    Stansiyalar qurilishi davomida 2860 nafar ish oʻrni yaratilgan boʻlsa, ular ishga tushishi natijasida 420 nafar yangi ish oʻrni yaratildi.

    Maʼlumot uchun: Aprel oyida Samarqand viloyatining Nurobod tumanida quvvati 100 MVt boʻlgan yirik quyosh fotoelektr stansiyasi (6-elektr stansiya) ishga tushiriladi, deb xabar beradi Energetika vazirligi мatbuot xizmati.