Qayd etilishicha, chempionatning umumiy natijalariga koʻra, Oʻzbekiston terma jamoasi 3 ta oltin, 2 tadan kumush va bronza medalini qoʻlga kiritdi.
“FIDE World School Chess Championships – 2025” maktab oʻquvchilari oʻrtasidagi jahon chempionatida 13 yoshgacha qizlar oʻrtasida Sarvinoz Begmuratova oltin medalga sazovor boʻldi. U 9 turda 7,5 ochko toʻplab, birorta ham bahsda magʻlub boʻlmadi.
Shuningdek, Sarvinoz ushbu muvaffaqiyati natijasida “FIDE Women FIDE Master” (WFM) unvonini oldi. Mazkur yoshdagi oʻgʻil bolalar orasida Biloliddin Obidov kumush medal sohibiga aylandi.
15 yoshgacha qizlar oʻrtasida Nilufar Imomqoʻziyeva Serbiya, Ruminiya, Hindiston, Kuba va Gruziyadan kelgan kuchli shaxmatchilarni magʻlubiyatga uchratib, terma jamoamiz hisobiga ikkinchi oltin medalni keltirdi.
9 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil bolalar oʻrtasida Nurmuhammad Neʼmatullaxonov chempionga aylandi.
Ushbu yosh toifasidagi qizlar bahsida Madinabonu Asadova uchinchi oʻrindan joy oldi. 7 yoshgacha qizlar oʻrtasida Mohinur Aʼzamxoʻjayeva kumush medal bilan taqdirlangan boʻlsa, 17 yosh toifasida Xondamir Elmirzayev shohsupaning uchinchi pogʻonasida qayd etildi.