Ayni paytda barchamiz Prezidentimizning 2025-yil 11-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz toʻrt yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, joriy yilgi bayramga munosib tayyorgarlik koʻryapmiz.
Aytish kerakki, bu yilgi qaror avvalgilaridan bir necha jihatlari bilan ajralib turadi. Jumladan, har bir sohada erishilayotgan yutuqlar alohida eʼtirof etilib, mustaqillik bayramiga bagʻishlangan chora-tadbirlarni amalga oshirishda bir necha yoʻnalishlarga eʼtibor qaratilishi qayd etilgan. Oʻzim taʼlim sohasi vakili boʻlganim bois, avvalo, shu sohaga doir raqamlar eʼtiborimni tortdi. Qarorda keltirilganidek, taʼlim sohasidagi oʻzgarishlar, maktabgacha taʼlim tizimida qamrov 2017-yilda 27 foizdan hozirgi paytda 77 foizga, oliy taʼlimda esa 9 foizdan 42 foizga yetgani, ijod maktablari, ixtisoslashgan maktablar va Prezident maktablari kabi yangi modeldagi maktablar tizimi paydo boʻlgani diqqatga sazovor.
Shuningdek, “Yoshlar – Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” degan shior ostida navqiron avlod vakillarining zamonaviy bilim va kasb-hunarlar, ona tili bilan birga xorijiy tillarni, axborot texnologiyalarini egallashi, tadbirkorlik bilan shugʻullanishi, isteʼdod va qobiliyatlarini roʻyobga chiqarishi uchun har tomonlama qulay shart-sharoit yaratib berilayotgani, bunga javoban oʻgʻil-qizlarimizning turli sohalardagi yutuqlari, natijalari eʼtirof etishga loyiqdir.
Joriy yilgi bayram “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan umumiy ezgu shior ostida oʻtkaziladi. Bu nafaqat mustaqilligimizning gʻoyaviy ramzi, balki butun xalqimizning qalbidan joy olgan orzu-umidlar aksidir. Chunki mazkur shior mohiyatiga nazar tashlasak, unda inson uchun muqaddas uch jumla — vatan, millat va xalq tushunchasi jamlangan. Har bir soʻz zamirida masʼuliyat va sadoqat mujassam. Vatan — bizning ona tuprogʻimiz, tariximiz, madaniyatimiz, muqaddas maskanimiz. Millat — bizning oʻzligimiz, tildagi, din-diyonatdagi, urf-odat va qadriyatlardagi yagona mushtarakligimiz. Xalq — bizni bor qilgan qudratli kuch, millionlab yuraklar, ota-onalarimiz, farzandlarimiz.
Bugun — tarixdan ibrat olish vaqti. Haqiqatni esdan chiqarmaslik va kelajak avlodlarni xabardor etish, ogoh yashash fursati. Zero, shukronalik va hushyorlik bilan, oʻtmishdan dars olib, farovon ertani bunyod etish oʻz qoʻlimizda. Hozirgi har daqiqasi oltinga teng davrda kimlarning avlodi ekanini yaxshi bilgan, ularga munosib boʻlish uchun eng toʻgʻri yoʻlda qatʼiyat bilan olgʻa borayotgan, uzluksiz rivojlanayotgan, buyuk davlat ostonasida barcha halqlarga doʻstlik qoʻlini uzatayotgan yangi Oʻzbekiston chinakkam baxtiyorlar, baxtga yorlar diyoriga aylandi.
Qarorda keltirilganidek, mustaqillik — bu davlat suvereniteti, xalq erki va adolatli jamiyat qurish yoʻlida asosiy tayanch. Bugun esa bu qadriyatlar “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi asosida yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Endilikda “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan shior har bir sohada — siyosat, iqtisodiyot, madaniyat, fan va sportda hayotiy tamoyilga aylanmoqda. Oʻzbekiston bugun sobitqadamlik bilan inson qadri ulugʻlanayotgan, har bir fuqaroning orzulari roʻyobga chiqayotgan davlatga aylanmoqda. Oʻzgarishlar taʼlimdan tortib, raqamli texnologiyagacha, sogʻliqni saqlashdan madaniyat va sportgacha boʻlgan sohalarda chuqur sezilmoqda. Bu esa mamlakatda barcha soha “xalq uchun” xizmat qilishining amaliy ifodasidir.
Yangi maktablar, Prezident taʼlim muassasalari, chet tillarni oʻrganishga yaratilgan sharoitlar, yoshlarning AT, biznes, sanʼat va sportdagi ulkan yutuqlari — bularning bari millatning ertangi kunini barpo etayotgan yoshlarga qanot bermoqda. Xususan, Fargʻona davlat universiteti talabalari orasida imkoniyatlardan samarali foydalanib, oʻz yoʻlini topayotgan, qobiliyatlarini roʻyobga chiqarayotgan va turli yoʻnalishlarda ulkan yutuqlarga erishayotgan yoshlar soni tobora ortib bormoqda. Ular bugun sport va fan yoʻnalishlarida nafaqat respublikada, balki qator xalqaro tanlovlarda Vatani shaʼnini munosib himoya qilmoqdaki, bu avvalo, ularni qoʻllab-quvvatlayotgan, ertangi kuniga ishonch berayotgan davlat rahbarining, qolaversa universitet jamoasi, fidoiy ustozlarining mashaqqatli mehnatlari samarasi hischoblanadi.
Xususan, Fargʻona davlat universitetining yurisprudensiya yoʻnalishi talabasi Jamshidbek Sotvoldiyev hamda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, bitiruvchi talabamiz Qobiljon Shermatov “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Bu yutuq, bu eʼtibor, bu ishonch farzandlarimizning yanada yuqori marralarni zabt etishga yangicha kuch, gʻayrat, shijoat bagʻishlaydi, albatta.
Bugun oʻzgacha iftixor bilan kutayotganimiz aziz bayram munosabati bilan tashkil etilayotgan madaniy-maʼrifiy tadbirlar, ochiq muloqotlar, koʻrik-tanlovlar, “Ona diyor – ranglar jilosida”, “Eng ulugʻ, eng aziz”, “Vatan uchun yashaylik!” kabi tanlovlar aynan xalqimiz ruhiyatini koʻtarishga, vatanparvarlik tuygʻularini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bu esa bayramni oddiy tantana emas, balki xalq irodasining, milliy gʻurur va faxrning ramziga aylantiradi. Demak, “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori — bu faqat soʻz emas, bugungi islohotlar mohiyati, ertangi kunimizning poydevori, har bir yurtdoshimizning hayotiy shiori. U bizni birlashtiradi, ragʻbatlantiradi, ruhlantiradi. Har bir oʻzbek farzandi bu shiorni qalbiga jo etib, oʻz bilimini, kuchini, fidoyiligini aynan shu tamoyillarga asoslangan holda ishga solsa, Vatanimiz, albatta, yanada yuksaladi.
Bahodirjon ShERMUHAMMADOV,
pedagogika fanlari doktori, professor









