Uch tomonlama hamkorlik shartnomasi tuzildi

    Yurtimizda har yili 4500 ta intellektual mulk ob'ekti, jumladan, 2000 dan ziyod tovar belgilari Intellektual mulk agentligidan ro'yxatdan o'tadi.

    Bugun, 23 dekabr kuni O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasida Tadbirkorlik sub'ektlari va hunarmandlar faoliyatida intellektual mulk kapitalini joriy qilish yuzasidan Savdo-sanoat palatasi, Intellektual mulk agentligi va “Hunarmand” uyushmasi o'rtasida uch tomonlama hamkorlik bitimi imzolandi.

    Tadbirda Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikramov, Intelektual mulk agentligi direktori T.Abdusattorov, Savdo-sanoat palatasi raisining o'rinbosari, “Hunarmand” uyushmasi raisi U.Abdullaev hamda tashkilotlarning hududiy boshqarma vakillari ishtirok etdi.

    Mazkur bitimni imzolashdan ko'zlangan asosiy maqsad Agentlik, Palata va Uyushma o'rtasida intellektual mulk sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, mazkur sohani rivojlantirish, tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatida intellektual mulk ob'ektlari keng joriy etilishini ta'minlash hisoblanadi.

    Tadbirni Savdo-sanoat raisi A.Ikramov kirish so'zi bilan ochib berib, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M.Mirziyoyev raisligida 2020 yil 12 oktyabr kuni “Intellektual mulk ob'ektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi videoselektor yig'ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta'minlash borasida amalga oshirilishi kerak bo'lgan ustuvor vazifalar to'g'risida to'xtalib o'tdi.

    Xususan, davlatimiz rahbari tomonidan mahalliy tovar belgilarini xalqaro ro'yxatdan o'tkazish masalasiga alohida e'tibor qaratildi. Shuni ta'kidlash kerakki, yurtimizda har yili 4500 ta intellektual mulk ob'ekti, jumladan, 2000 dan ziyod tovar belgilari Intellektual mulk agentligidan ro'yxatdan o'tadi. Lekin sanoatimizning bor-yo'g'i 72 ta tovar belgisi xalqaro ro'yxatdan o'tkazilgan bo'lib, bu sanoat tarmoqlarining eksport hajmini oshirishda hali ko'p ishlash, avvalo, tovar belgilarini jahon miqyosida tanilishida tegishli sayi-harakatlarni olib borish lozimligini talab etmoqda. Shundan kelib chiqqan holda hozirgi kunda mahalliy tovar belgilarini halqaro ro'yxatdan o'tqazish va shu yo'l bilan eksport hajmini oshirish asosiy vazifa sifatida belgilab berildi.

    Ma'lumki, tovar belgilari yoki tovar kelib chiqqan joylar nomiga ega mahsulotlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish masalalari Intellektual mulk agentligi tomonidan amalga oshiriladi va bu yo'nalishda joylarda mahalliy tadirkorlik sub'ektlari va xunarmandlar uchun tovar belgisi, uning muhofazasi, davlat ro'yxatidan o'tkazish tartibi, bunda tovar belgilarini ishlab chiqish hamda jahon bozorida o'z tovar belgisi bilan savdo qilishning afzalliklarini tushuntirib berish, tadbirkorlar e'tiboriga etkazish muhim masalalardan bo'lib qolmoqda. Bu borada Savdo-sanoat palatasi, Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi va “Hunarmand” uyushmasi uch tomonlama hamkorlikni yo'lga qo'ygan holda tovar belgilarini rivojlantirish hamda mahalliy brendlarni shakillantirishda hamjihatlikda harakat qilishlari lozim bo'ladi.

    Mazkur imzolangan qo'shma qaror Intellektual mulk agentligi, Savdo-sanoat palatasi va Hunarmand uyushmasi rahbarlaridan iborat Tadbirkorlikda intellektual mulk kapitalini joriy qilish bo'yicha idoralararo kengash tashkil etish va uning tarkibini tasdiqlash, mazkur idoralararo kengash faoliyatini belgilab beruvchi nizomni tasdiqlash hamda tadbirkorlarning mahsulotlarini “brend”ga aylantirish dasturini ishlab chiqishni o'z ichiga oladi. Shuningdek, imzolangan qo'shma qaror yuzasidan Savdo-sanoat palatasi hududiy boshqarmalariga kichik biznesni, ayniqsa, mahalliy sanoat korxonalarini qo'llab-quvvatlash bo'yicha muhim vazifalar belgilab berildi.

    Tadbirda Palata raisi tomonidan mazkur belgilangan vazifalarni to'laqonli ta'minlash orqali joylarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar mahsulotlarini xalqaro ro'yxatdan o'tkazish va xorijiy bozorlarda milliy brendlarning tanilishi va o'z o'rniga ega bo'lishiga erishish lozimligi alohida ta'kidlandi.